Elektrotexnika korxonalariga bir qator imtiyozlar taqdim etildi. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 iyuldan:
- elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20%gacha narx preferensiyasi qo‘llaniladi;
- byudjet hisobidan quriladigan obyektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi;
- elektrotexnika korxonalarining eksport bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi;
- elektrotexnika korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari bo‘yicha to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi;
- elektrotexnika mahsulotlari uchun kreditlarning 1 mln $dan oshmagan qismining foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan foiz stavkasining 50%i miqdorida, lekin kredit stavkasining 5%lik punktidan oshmagan miqdorda ikki yil qoplanadi.
Shuningdek, qaror bilan elektrotexnika va maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni chet el bozorlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish bilan bog’liq harajatlarning 50%ini Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg’asi tomonidan qoplanadi.
Xususan, jamg’arma startap-loyihalarni moliyalashtiradi, hamda elektrotexnika sanoati tarmog’i korxonalarining xalqaro ko’rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bog’liq harajatlarning 50%ini qoplab beradi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2022 yil 1 yanvargacha o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar bo‘yicha bojxona bojlari to‘lashdan ozod etildi.