Asiya Yaxina bolaligida o‘zining maktab daftarlari xoshiyalarini suratlar bilan bezaganida, keyinchalik bu nimaga olib kelishini xayoliga ham keltirmagan edi. U hozir 26 yoshda va dunyodagi eng nufuzli gazetalardan biri — New York Timesda dizayner bo‘lib ishlaydi. Spot toshkentlik oddiy qizning muvaffaqiyatlari haqidagi hikoya.
O‘zingizdan uyalmang
Men rasm chizishni bolalikdan yoqtirardim. O‘rta maktabda o‘qib yurgan paytlarimdayoq, darslarda hamisha qo‘limdan qog‘oz tushmasdi va sinfdoshlarimning rasmini chizardim.Tinch va yuvosh bola bo‘lganim uchun meni ko‘p urishishmasdi, biroq darsdan tashqari chizgan suratlarim uchun tez-tez koyish eshitardim. Ba’zan: “Yaxina, rassom (xudojnik) — bu “xudo” so‘zidan olingan!"degan so‘zlar ham eshitilardi. Bu tanbehlar meni suyuntirardi, mening ruhimdagi rassomlikka xavas tantana qilardi, chunki uni kimdir sezgan va uni o‘z nomi bilan atagandi, demak, uning mavjudligini tan olgandi.
Marrani baland olishdan cho‘chimang
Kunlarning birida men Toshkentda Tashkent International School maktabi borligi, yilda bir marta bepul o‘qitish uchun uch nafar o‘quvchini qabul qilishlari haqida eshitib qoldim. Bu g‘oya qalbimda o‘t yoqdi. Ingliz tilida o‘qish, dunyoning turli burchaklaridagi tengdoshlar bilan muloqot qilish imkoniyati juda qiziqarli va noreal bo‘lib ko‘rindi. Mening ishtiyoqimni sezgan tanishlarimiz juda qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirishdi. Mabodo kira olmasam-chi? Tanlov chindan ham juda yuqori edi — har bir bepul joyga o‘ttizga yaqin kishi umid ko‘zini tikkan edi. Bosqichlar bosqichlarga ulandi, oxirida suhbatdan o‘tdim va meni qabul qilishdi!
Men yosh boladek quvondim. Go‘yo mening oldimda avval berk bo‘lgan eshiklar ochilgandek edi.
Foto: arxivdan
Tez orada agar hatto qandaydir eshikar ochilgan bo‘lsa-da, yana ko‘p kuch-g‘ayrat sarflashim kerakligini tushunib yetdim. Sekin-asta men ingliz tilida o‘qishga va ta’limning yangi tizimiga ko‘nikdim. Bu tizimda yodlashga emas, o‘ylashga, ko‘chirish emas, balki o‘z g‘oyalaringni asoslab bayon etishga o‘rgatishardi.
Xalqaro maktabda men tasviriy san’at bo‘yicha darslarga yozildim. O‘shanda menda birmuncha sermazmun loyihalar ustida boshidan oxirigacha ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Men rasm chizardim, bo‘yoqlar bilan yozardim, fotosuratlar olardim, turli hikoya va konseptlarni o‘ylab chiqarib installyatsiya qurardim.
Rassom + amaliyotchi = dizayner
TISni tugallab, Amerikaning Uellsli kollejiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim, Boshida men xalqaro munosabatlar fakultetida o‘qiy boshladim, ammo oz fursat o‘tmay, bu fakultet men uchun emasligini tushunib yetdim. Grafika, tipografiya, veb va mobil ilovalar dizayni va dasturlashtirishni o‘qituvchi boshqfa fakultetga o‘tdim. Semestr boshida darslar nomlanishlarini o‘qib, haqiqiy loyiha ustidagi ishlarda bu bilimlarni qanchalik qo‘llay olishimni darhol angladim. Ichimdagi amaliyotchi xursand bo‘ldi, rassom esa o‘zini namoyish qilishning yangi yo‘llarini sinab ko‘rishga sabri yetmasdi.
Photoshop va Illustratordan tahsil olib, men yangi bilimlarimni amalda qo‘llash uchun har qanday imkoniyatdan foydalandim. Mening kollejim chop etadigan jurnallardan biriga grafik dizayner lavozimida ishlash uchun ariza topshirdim va ularga muqova dizayni hamda sahifalashda yordam bera boshladim. Do‘stlarimdan biri yangi sayt ustida ishlayotgani yoki startap boshlayotganini eshitgan zahotim ularga logotip dizayni va illyustratsiya borasida o‘z yordamimni taklif qilardim.
Dasturlashtirish asoslarini o‘rganib o‘zimning kichik loyihalarimni ishlab chiqarishga kirishdim, masalan, mana bu video-o‘yinchoq yoki o‘zim o‘qiyotgan kollej kampusining virtual turi. U vaqtlarda mening ish tajribam bo‘lmasa-da, ishtiyoqim va o‘qish-o‘rganish istagim kuchli edi. Loyihalar loyihalarga ulandi va menda kichik portfolio yuzaga keldi.
Foto: arxivdan
Haqiqiy maktab
Endi men nimalarga qodir ekanimni bemalol ko‘rsata olar edim. Ta’til vaqtida men startaplarda ko‘proq malaka oshirdim va ixtiyoriy (bepul) asosda kichik dizayner sifatida ishga olishdi. Bu jarayonda men amaliyot maktabi boshqalarga qaraganda tezroq va samaraliroq o‘rgatishini anglagan holda barcha yangiliklarni singdirishga harakat qildim.
Bu tajribadan men muhim bir saboq oldim: dizayner ishi ko‘zga issiq ko‘rinadigan sahifa yaratish bilan cheklanmas ekan. O‘z ishini sifatli bajaradigan dizayner jonglerga o‘xshaydi. Ish jarayonida u qator omillarni hisobga oladi va ko‘pincha bir-biriga zid bo‘lgan ustuvorliklarni muvozanatga keltiradi, bular natijasida o‘z oldiga qo‘yilgan vazifaning nafis va haqqoniy yechimini taklif etadi.
Bundan tashqari, jamoa va rahbariyatga ish jarayonini qadam-baqadam tushuntira olish lozim. Shu bilan birga loyihaning texnik tomoni to‘g‘risida umumiy tushunchaga ega bo‘lish uchun ishlanmachilar bilan do‘stlashish yoki hech bo‘lmasa, vaqti-vaqti bilan muloqotda bo‘lish zarur.
Foto: arxivdan
Suhbatlar to‘g‘risida
Mening portfoliom sekin-asta o‘sib bordi, u bilan birga qiziqish va manfaatlarim ham. 2015 yilning bahorida talaba-dizaynerlar uchun Microsoftda malaka oshirish kursi bo‘lishini eshitib qoldim. Ariza berdim va tanishuv qo‘ng‘irog‘idan keyin meni suhbatga chaqirishdi.
Suhbatdan avvalgi tunni taqdimot tayyorlab o‘tkazdim. Qattiq hayajonlanardim — axir bu men uchun juda muhim imkoniyat edi va uni qo‘ldan berishni istamasdim. Suhbatga toliqib, biroq tayyor holda keldim.
Men bir loyihani tanladim, u haqda batafsil so‘zlab berish uchun vaqt yetarli bo‘lishi kerak edi. Slaydlarim tartibini bilganim uchun, ularning qaysi biriga chuqurroq to‘xtalib, qay birlarini o‘tkazib yuborish mumkinligini ham bilardim. Har qanday suhbatda dizaynerdan ish tajribasidan tashqari uning ish jarayoni haqida qiziqarli hikoya qilish qobiliyati ham talab etiladi, bu o‘rinda kitobgina emas, balki uning muqovasi ham muhim o‘rin tutadi. Tayyorgarligim zoye ketmadi — niyatimga yetdim.
Microsoft va uch oy mobaynidagi o‘yinlar ishlanmalari
2015 yilning yozida Microsoftda dizayner-malaka oshiruvchi bo‘ldim. Men jamoamizdagi yana to‘rt nafar talaba bilan birgalikda videoo‘yin ustida ish olib bordik. Biz uch oy davomida o‘yinni o‘ylab chiqishdan boshlab ishlanmasini yaratishgacha bo‘lgan ishni bajardik. Dizayner va art-direktor sifatida interfeys, o‘yin mexanikasi, animatsiya dizayn darajasi va menyu ustida ish olib bordim. Har hafta oxirida ofislarga borib, avval uni hech qachon ko‘rmagan odamlar o‘rtasida o‘yinimizni sinovdan o‘tkazdim.
Shu orada men bir kishi birinchi marta o‘yin yo‘riqnomasini darhol tushuna olmagani, boshqasi esa o‘yin darajasi juda murakkab bo‘lgani uchun uni o‘ynashdan bosh tortganini kuzatdim. Bundan o‘zim uchun muhim saboq oldim: sinovdan o‘tkazish o‘z ishidan qoniqqan va uni yuqori darajada deb hisoblagan dizayner nafsoniyati uchun qiynoq bo‘lishi mumkin. Biroq, hafa bo‘lish emas, balki, muammo nimada ekani va uni qanday tuzatish mumkinligini tushunish uchun sidqidildan katta qiziqish bilan kuzatish kerak.
Foto: arxivdan
Ish qidirish va yuzta ariza
Kollejni tugatgandan so‘ng turli kompaniyalarga dizayner lavozimi uchun arizalar topshira boshladim. Men ochiq pozitsiyalarni topib, o‘zim haqimdagi ma’lumotnoma, portfolio va mening kimligim, nimalar qo‘limdan kelishi va nima uchun ayni shu lavozimda ishlashni xohlashim tasvirlangan ilova xatini jo‘natdim. Agar sanaydigan bo‘lsak, chamasi yuzga yaqin ariza jo‘natgan bo‘lsam kerak. Yigirma-o‘ttizta javob oldim. Ba’zan suhbatlarning bir necha bosqichidan o‘tdim, ba’zan esa birinchi telefon suhbatidayoq jarayon to‘xtadi.
Ikki oylik qidiruvdan keyin menda uncha katta bo‘lmagan agentliklarda ishlash uchun ikkita taklif bor edi — bu yaxshi alomat edi, biroq, men bundan ko‘ra qiziqarliroq ish topa olishim mumkinligini his qilardim. Shunday bo‘ldi ham. New York Times’dagi suhbat eng oson muloqotlardan biri bo‘ldi. Mening loyiham ularga yoqdi, biz ish jarayonim, tajribam haqida so‘zlashdik va ular menga ish taklif qilishdi.
Ko‘p o‘ylab o‘tirmay taklifni qabul qildim. New York Times’ning obro‘si media olamida bo‘lganidek, dizayn dunyosida ham juda yuqori bo‘lib, yuqori standartlar va detallarga e’tibordan iborat. Men bu yerda o‘z ishini yaxshi biladigan va tajribasini baham ko‘radigan ustozlar topa olishimni yaxshi bilardim.
Foto: arxivdan
New York Timesda men nima bilan shug‘ullanaman
Men hozir foydalanuvchilar onbordingi ostida ishlovchi jamoa dizayneriman. Agar buni oddiy tilga o‘giradigan bo‘lsak, unda, bizning bosh maqsadimiz yangi o‘quvchini NYT bilan tanishtirish demakdir.
Bizning sayt — eng turli mavzulardagi sifatli va ishonchli kontent ummonidir. Har kuni dunyo bo‘ylab millionlab o‘quvchilar bizning maqolalarimizni o‘qishadi, biroq, ko‘pincha ular qayerga kirganlarini ham sezmaydilar. Ularning asosiy vazifasi — ayni vaqtda ularni qiziqtirayotgan savolga javob topish. Bizning asosiy vazifamiz esa ular yana qaytib kirishlariga ishonch hosil qilish. Ular qaytishlari uchun biz ularga hush keluvchi ummon qismini ko‘rsatishimiz lozim.
Siyosat to‘g‘risidagi yangiliklardan tashqari jurnalistlarimiz san’at, texnologiya, biznes, sport va boshqa ko‘plab mavzularda yozadilar. Video ishqibozlari uchun dunyoning eng turli burchaklaridan qisqa ta’sirchan hujjatli filmlar topiladi. Taom tayyorlashni xush ko‘ruvchilar uchun esa NYTda minglab tekshirilgan oddiy va murakkab retseptlar o‘rin olgan onlayn-arxiv mavjud. Krossvord ishqibozlari bizning mobil ilovalarimizni yuklab olishlari va har kuni New York Times’dan yangi krossvordlar yechishlari mumkin bo‘ladi.
Saytimizda ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchining qo‘lidan tutamiz va unga qiziqarli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan hamma narsa haqida hikoya qilamiz. Foydalanuvchilar uchun bu tanishuv jarayoni atigi bir necha daqiqani o‘z ichiga oladi. Biz uchun esa bu oylab ishlar, tadqiqotlar, sinovdan o‘tkazish va tajribalardir. Biz o‘z vazifamizni qanchalik yaxshi bajarsak, shuncha ko‘p o‘quvchi bizga muntazamlik asosida qaytib keladi va NYT dunyoga keltirayotgan narsalardan o‘zi uchun foydali narsalarga ega bo‘ladi.
*Diskleymer: yuqorida tasvirlangan barcha voqealar ota-onamning yordami va mehr-muhabbatisiz amalga oshmagan bo‘lar edi.