Moliya vazirligi tomonidan “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Unga ko’ra 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2019 yil yanvar oyidan avgust oyigacha 1 mlrd so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari QQS to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda QQSi to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Bunda, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegara darajasiga etgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab QQS to‘lashga o‘tadilar. Bunda, ularga 2019 yildagi paxta xom ashyosini etishtirish uchun ishlatilgan va 2018 yilning 1 oktyabridan keyin haqiqatda olingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 3 avgustga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.