Prezident “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida davlat muassasasi shaklidagi kichik sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar tashkil etildi.
Kichik sanoat zonalari transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud yoki o‘tkazish oson bo‘lgan faoliyat yuritmayotgan korxonalar negizida va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yerlarda tashkil qilinadi.
Binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- o‘z mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)da, biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 3 yil muddat o‘tgandan keyin — rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlarining xarajatlari chegirib tashlangan holda belgilangan tartibda aniqlanadigan baholash qiymati bo‘yicha;
- investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda (ishtirokchining shaxsiy mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlari olib bormagan holda), biroq kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan kundan boshlab kamida 5 yil muddat o‘tgandan keyin — besh yil mobaynida teng ulushlarda to‘lovlarni kiritish huquqi berilgan holda belgilangan tartibda aniqlanadigan baholash qiymati bo‘yicha.
Shuningdek, qaror bilan kichik sanoat zonalari direksiyalari 2022 yil 1 iyungacha yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilindi.