1 iyuldan O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruhsat berilishi, zargarlik tarmog’idagi, shu jumladan mahalliy elektrotexnika maxsulotlari ishlab chiqaruvchilariga beriladigan imtiyozlar o’rin olgan.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruhsat beriladi
Prezident farmoniga binoan 1 iyuldan boshlab:
- yuridik shaxslar (O‘zbekiston rezidentlari) — ular mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
- jismoniy shaxslar (O‘zbekiston fuqarolari) — ular yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega.
Zargarlik uchun imkoniyatlar kengaytiriladi
Prezident farmoniga binoan zargarlik bo‘yicha litsenziyasi bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zi ishlab chiqargan zargarlik buyumlarining asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi izlarini qo‘yish huquqi berildi. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi litsenziyaga ega yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sotishi, aholidan qimmatbaho metallar parchalari, qimmatbaho toshlar va buyumlarni sotib olish huquqiga ega.
Shuningdek, jismoniy shaxslar qiymati 5 ming $dan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishi mumkin.
Mobil videokamerasiz faoliyat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlar taqdim etilmaydi
Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan yo‘l harakati qatnashchilari mobil videokamerasiz faoliyat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega. YPX xodimi xizmat vazifasini amalga oshirishda vazifalarini mobil videokameradan foydalanib olib borish va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma’lum qilish va haydovchini tezlikni oshirgani haqidagi maxsus moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirish, talabiga ko‘ra moslamaning qiyoslash sertifikatini ko‘rsatishga majbur hisoblanadi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining bo‘sh suv havzalari konturlari ijaraga beriladi
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining bo‘sh suv havzalari konturlarini tanlov asosida ijaraga berish “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.
Mahalliy elektrotexnika maxsulotlari ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar taqdim etiladi
Prezident qaroriga muvofiq elektrotexnika korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari bo‘yicha to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi. Shuningdek, elektrotexnika mahsulotlari uchun kreditlarning 1 mln $dan oshmagan qismining foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan foiz stavkasining 50%i miqdorida, lekin kredit stavkasining 5%lik punktidan oshmagan miqdorda ikki yil qoplanadi.
Avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilar attestatsiyadan o‘tishi bekor qilinadi
Prezidentning mart oyidagi qaroriga binoan avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan o‘tishi to‘g‘risidagi, hamda avtomobilda yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud bo‘lishi haqidagi talablar bekor qilindi.