Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Toshkent shahrida Vestminster xalqaro maktabi tashkil etiladi.
Maktab nodavlat ta’lim muassasasi hisoblanib, unda ta’lim jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi.
Maktab bitiruvchilariga ta’lim to‘g‘risidagi davlat namunasidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini beruvchi xalqaro darajadagi dasturlarning diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi.
Iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, gumanitar, tabiiy va aniq fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rganishni tashkil etish, o‘quvchilarga chet tillari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rgatish, ularda ijodiy tafakkurni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabilar maktab faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi.
Maktabga qabul qilish tartibi va qoidalari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Ta’lim maktab tomonidan belgilanadigan to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi.