25 iyun kuni Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Finlyandiyaning “KaukoInternational” kompaniyasi o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilish va barqaror, ishonchli va arzon energiya ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish orqali energetika sektorini rivojlantirish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda LBMA matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Hujjat geotermik energiyadan foydalanadigan yechimlarni qo‘llash, shuningdek, respublikada geotermik energiya manbalaridan foydalanish usullarini birgalikda rivojlantirishni nazarda tutadi.
Geotermik energiya barqaror, arzon, samarali va ishonchli elektr ishlab chiqarish usuli hisoblanadi. Bu xususiyatlar energiya ishlab chiqarish uchun ishonchli yechimlarni izlayotgan va qazib olinadigan yoqilg‘ilarga qaramligini kamaytiradigan mamlakatlar uchun maqbul yechimdir.
Taklif etilayotgan yechimning asosini — o‘rtacha burg‘ilash tezligini inqilobiy ravishda 2−4 marotaba oshiradigan Finlyandiyaning innovatsion burg‘ulash uskunasi tashkil etadi.
Qayd etilishicha, Geotermal energiya manbalarida burg‘ulash ishalarini olib borishda va ulardan foydalanishda qo‘llaniladigan innovatsiyalar energiya ishlab chiqarish samaradorligini ham oshiradi.
Kaukointernational — sanoat uskunalari va xalqaro savdoga ixtisoslashgan global korporatsiya bo’lib, dunyoning 22 mamlakatida faoliyat olib boradi. Kompaniyaning 6 mamlakatda vakolatxonalari mavjud.