Renault avtokonserni O’zbekistonda mashhur “KWID” avtomobillarini ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda kompaniya Fransiyadagi O’zbekiston elchixonasi tomonidan uyushtirilgan uchrashuvda ma’lum qildi, xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.

Xususan, uchrashuvda O’zbekiston Markaziy Osiyodagi potentsial muhim va uzoq muddatli hamkor sifatida qaralayotgani, buning natijasida Renault qo’shma hamkorlik loyihalariga katta e’tibor berayotgani ta’kidlandi.

Avtokonsern rahbariyati birinchi bosqichda “A” sinfidagi avtomobillarini yig’ishni tashkil etib, boshqa segmentlarga o’tishga, shuningdek, ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich lokalizatsiya qilishga tayyorligini tasdiqladi.

“Renault hozirgi kunda eng mashhur „KWID“ modelini, jumladan, Markaziy Osiyo va Afg’oniston bozorlarida eksport qilish uchun ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishga tayyor”, deyiladi xabarda.

Ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun fransuz kompaniyasi delegatsiyasi yaqin kelajakda O’zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Spot O’zbekistonda Renault avtomobillari paydo bo’lishi mumkinligi haqida may oyida xabar bergan edi. Renault Group’ning MDHga eksport qilish bo’yicha boshqaruvchi direktori Maksimilian Missan so’zlariga ko’ra, kompaniya mamlakat bozoriga Lada (Renault guruhining bir qismi) avtomobillarini yetkazib berish bilan mamlakat bozoriga chiqishni boshladi.

“Endi biz Renault’ni taqdim etmoqchimiz va o’zbek iste’molchilariga huddi shunday mahsulot va xizmat ko’rsatish sifatini taklif qilish istagidamiz”, — degan edi Maksimilian Missan.

Renault Group (Renault, Dacia, Alpine, Renault Samsung Motors, Lada brendlari) 1898 yilda tashkil etilgan Fransiya avtomobil kompaniyasi bo’lib, 134 mamlakatda faoliyat olib boradi, 39 ta zavodga ega. 2018 yil yakunlariga ko’ra kompaniya 3,9 million avtomobil sotdi, daromad esa 57 milliard yevrodan oshdi.