Artur Laffer — amerikalik iqtisodchi, Laffer Associates tahlil kompaniyasi asoschisi va rahbari, soliqlarning ma’lum darajada pasaytirilishi soliq tushumlari oshishi va iqtisodiy o‘sishga olib kelishi mumkinligi haqidagi g‘oya tufayli dunyoga mashhur bo‘lgan “iqtisodiy takliflar” nazariyasi asoschilaridan biri. Bu samara va uning grafik ifodasini Laffer grafigi deb ataydilar.

Yel universiteti bitiruvchisi, Stenford universitetining falsafa doktori, Janubiy Karolina va Chikago ungiversitetlari professori Laffer reyganomika arxitektori sifatida tanilgan — u Ronald Reygan (AQShning 40-prezidenti, 1981−1989 yillar), shuningdek, Britaniyadagi xususiylashtirish davrida Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherning iqtisodiy maslahatchisi bo‘lgan.

U Avgusto Pinochet taklifiga ko‘ra “Chikago bolalari” qatorida Chili iqtisodiyotini liberallashtirishda qatnashdi. 2015 yilning sentyabrida Ukraina moliya vaziri Natalya Yareskoning maslahatchisi bo‘ldi va soliq islohotlari masalalari bo‘yicha konsultatsiya berdi, 2016 yilda Donald Trampning prezidentlik kampaniyasida iqtisodiy maslahatchilik qildi.

Artur Laffer O‘zbekistonga 12−14 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan CAMCA (Central Asia-Mongolia-Caucasus-Afghanistan, Markaziy Osiyo — Mo‘g‘ulistonon — Kavkaz — Afg‘oniston)ning oltinchi yillik mintaqaviy anjumanida qatnashish va so‘zga chiqish uchun tashrif buyurdi.

Taniqli iqtisodchi Spot’ga bergan intervyusida o‘zi ishlab chiqqan samara qanday ishlashini tushuntirdi va O‘zbekiston va umuman rviojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Bekgraund

Men 79 yoshga kirdim. Mening davlat tuzilmasidagi birinchi ishim 1970 yilda boshlandi. Nikson (Richard Nikson, AQShning 37-prezidenti — Spot izohi) adminstratsiyasida ishladim va asosan iqtisodiyot sohasida, ichki va tashqi siyosat bilan bog‘liq edim. O‘zbekistonlik hamkasblarim bilan bilimlarim va ish tajribamni o‘rtoqlashish umididaman.

Foto: Sarah L. Voisin

Men bu yerga sizlarga nima qilish kerakligini aytish uchun kelganim yo‘q. Biroq sizlar ayrim narsalarni boshqa nuqtai nazardan ko‘rishingiz uchun o‘zimning iqtisodiy va biroz siyosiy qarashlarimni baham ko‘rishim mumkin.

Eng oddiy iqtisodiyotdan boshlaymiz — agar siz ishlamaydigan va kam pul topadiganlarga to‘lash uchun ishlaydigan va ko‘p pul topadiganlarga haddan tashqari soliq soladigan bo‘lsangiz, ertami-kechmi hech kim ishlamaydigan va pul topmaydigan vaziyatga tushib qolasiz.

Agar siz qashshoqlarga pul berish uchun boylarga soliq soladigan bo‘lsangiz — oqibatda boy odamlarga emas, balki ko‘p kambag‘allarga ega bo‘lasiz. Men esa O‘zbekistonni kambag‘al emas, balki boy ko‘rishni istardim. Odamlar farovon yashashi, biznes daromadli bo‘lishi, iqtisodiyot esa yangi ish o‘rinlari vujudga keltirishi uchun sharoit yaratish lozim.

Soliqlarni pasaytirish — Chili, Turkiya va AQSh tajribasi

Tasavvur qilaylik: dunyoda faqat ikkita mamlakat bor — A nuqta va B nuqta. Agar siz A mamlakatida soliqlarni oshirsangiz, unda barcha ishlab chiqaruvchilar ertami kechmi A mamlakatidan B mamlakatiga ketib qoladi. Bu yerda O‘zbekistonda siz boshqa davlatlar dengizi o‘rtasida yashaysiz. Ularning barchasi siz bilan do‘st va ayni vaqtda raqib. Xalol va sog‘lom raqobatda siz o‘z ishlab chiqaruvchilaringiz va iste’molchilaringiz haddan tashqari baland soliq va boshqaruvdan jabrlanishlarini istamaysiz. Siz tadbirkorlaringiz xalol raqobat tufayli farovon bo‘lishini xohlaysiz.

Men ko‘plab boshqa misollar keltirishim mumkin. Masalan, ikki yil avval Turkiyada bo‘ldim. O‘shanda Erdog‘an hukumati jahon inqirozi vaqtida va undan keyin ko‘plab ajoyib islohotlarni amalga oshirdi. Turkiyada davlat korxonalari ko‘p edi va Erdog‘an hukumati ularning katta qismini sotishga qaror qildi. 2008 yilgi inqiroz vaqtida va 2015−2016 yillargacha barcha boshqa mamlakatlar o‘zlarining qarzlarini ko‘paytirdilar, biroq Turkiya davlat korxonalarini sotish evaziga qarzini kamaytirdi.

Foto: Reed Saxon / Associated Press

Misol uchun Turkish Airlinesni oling, u aytaylik, Lufthansaga nisbatan o‘zini ancha yaxshi his qiladi. Xususiylashtirilgan vaqtdan beri aviakompaniya Yevroosiyodagi eng yaxshi avikompaniyalardan biriga aylandi. Bu haqda men o‘zbek hamkorlarimga so‘zlab berishni istardim. Aniqrog‘i sizlarga nima qilish kerakligini ko‘rsatish va aytishni emas, balki nima qilish mumkin va zarur, nima ish beradi, nima ishlamaydi, bularni misollar asosida ko‘rsatishni xohlayman.

Men 1974 yili Chilida bo‘lganman, u vaqtlarda mamlakatda inqilob yuz bergan. Biz hukumatga iqtisodiy islohotlarni ishlab chiqishda yordam ko‘rsatdik. Tebranuvchi emas, balki yo‘naltiruvchi kurs qilish va mahalliy valyutani dollarga bog‘lash haqida qaror qabul qilingan edi. Bu iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun zarur edi. Ko‘rib turibsizki, hozir Chili Janubiy Amerikadagi eng muvaffaqiyatli iqtisodiyotga ega.

2017 yili prezident Tramp soliqlarni — birinchi navbatda korporativ soliqlarni va bir qator boshqa soliqlarni tubdan pasaytirdi va iqtisodiyot yanada tezroq o‘sa boshladi. O‘ylaymanki, buni O‘zbekistonda ham amalga oshirish lozim. Men bu yerda sizlarga qanday islohotlar qilish kerakligini ko‘rsatish uchun kelgan emasman. Shunchaki, iqtisodiyotingiz ravnaq topishini istayman xolos.

Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga maslahatlar

Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar boshqa rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan ibrat olishi lozim. Men Afrika 2025 konferensiyasida so‘zga chiqdim va turli iqtisodiyot, moliya vazirlari hamda boshqa mutaxassislar mendan soliq chegirmalarini qanday oshirish haqida so‘rashdi. Men bu to‘g‘ri yondashuv deb o‘ylamayman.

Birinchi navbatda iqtisodiyotning farovonligini oshirish lozim, uni haddan tashqari soliqlar bilan o‘ldirish emas. Men O‘zbekiston haqida emas, umuman gapiryapman.

Mamlakat rahbariyati iqtisodiyotning eng oddiy qoidalarini tushunishi darkor. Siz oddiy hisoblash asosida keng soliq solish bazasiga ega bo‘lgan past soliqlar joriy etishingiz lozim. Sizlarga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlovchilar sonini kamaytirish uchun soliqlarni pasaytirish zarur. Soliqqa tortiluvchilar sonini oshirish uchun soliq olishning keng bazasiga ega bo‘lgan soliqlar kerak.

Sizlarga samarali ishlaydigan soliq kodekslari darkor. Soliq kodeksi birinchi navbatda boylardan kambag‘allarga shaklida soliqlarni qayta taqsimlash emas, balki iqtisodiyotning o‘sishi uchun ishlashi lozim. Badavlat odamlar ish joylarini tashkil etadi va agar biz ish joylari miqdorini ko‘paytirishni istar ekanmiz, boylarga bo‘lgan soliq yukini pasaytirishimiz kerak. Bunda hech qanday mafkura yo‘q, bu oddiy matematika.

Foto: Christopher Ohmeyer / Medium

Bu oddiy iqtisodiyot, siyosat emas. Agar siz daromadlarni daromadi ko‘plardan kam daromad egalari foydasiga qayta taqsimlar ekansiz, unda ishlab chiqarish va farovonlik pasayishiga ega bo‘lasiz. Mening sharafimga nomlangan Laffer grafigining mohiyati ham shu — umumiy iqtisodiy farovonlikni ko‘paytiruvchi soliq olish hajmini topish. Hammasi juda oddiy.

Aytaylik, biz o‘rtacha daromadni olamiz va bu darajadan yuqori daromad oluvchi barchadan bu me’yordan yuqori barcha daromadni bu darajadan kam daromad qiluvchilarga beramiz. Oqibatda biz hamma bir xil — nol daromad olishiga duch kelamiz.

Siz bu oddiy haqiqatni har daqiqa yodda tutishingiz lozim. Iqtisodiyot va iqtisodiy qonunlarga siz baland yoki pastligingiz, djinsingiz teshikmi yoki hammaniki kabimi muhim emas, qonunlar barcha uchun bir xil. Mamlakatingiz iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan daromadlarni qayta taqsimlash oqibatlarini tushuning.

Davlat harajatlari

Davlat harajatlari — bu doim soliqlar. Nuqta. Yana bu oddiy matematika. Hozir odamlarga buni tushuntirish qiyin, chunki ular davlat qo‘shimcha davlat harajatlari tufayli ish o‘rinlari yaratadi deb o‘ylashadi, biroq bu noto‘g‘ri.

Buni misollarda ko‘rsatishga ijozat bering. Yaxshi iqtisodiy nazariya aholisi bir milliarddan ortiq bo‘lgan Hindistonda bo‘lganidek, aholisi bir necha o‘n ming bo‘lgan Lyuksemburgda ham ishlaydi. AQSh misolida tushuntirish juda qiyin — iqtisodiy voqelik — davlat qarzi, Xitoy investitsiyalari va boshqalarga nihoyatda ko‘p siyosatchilar bog‘lanib qolgan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Artur Lafferni iqtisodiyot sohasiga qo‘shgan hissasi uchun Ozodlik Prezident medali bilan mukofotlaydi, 2019 yil 19 iyun. Foto: Ron Sachs / Bloomberg

Oddiy misol bilan tushuntirishga harakat qilaman. Aytaylik, dunyo iqtisodiyoti ikki shaxs — fermerlardan tarkib topgan. Ularning biri ishsizligi uchun yordam puli oladi. Unga buning uchun kim pul to‘laydi? Kimligi tushunarli.

Men sizlarga davlat harajatlarining umuman keragi yo‘q demayman, biroq har bir harajatning, u ishsizlik bo‘yicha yordam yoki atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘ladimi, barcha yaxshi-yomon tomonlarini taroziga solib ko‘rish lozim. Laffer grafigi — ana shu, davlat harajatlari haddan tashqari soliq olish tufayli iqtisodiyotga zarar keltirmaydigan nuqta.

O‘n yil ichida AQSh hukumati YIM ga nisbatan davlat harajatlarini sezilarli darajada qisqartirdi. Bu vaqtda Fransiya kabi boshqa mamlakatlar agar yanglishmasam 50% atrofidagi nisbatga ega.

Bizning joriy raqamlarimizga emas, balki davlat harajatlarining YIM nisbatiga qarang. Amerika dunyodagi eng boy mamlakatga aylangan vaqtda nisbat 3% darajasida edi. O‘zbekistonda agar yanglishmasam, joriy vaqtda nisbat 35%.

Ko‘pchilik Skandinaviya mamlakatlarini misol keltiradi. Biroq agar siz Shvetsiyadagi soliq olish tizimi qanday ishlashini diqqat bilan o‘rgansangiz, Shvetsiya — iqtisodiy sohadagi eng o‘ng mamlakat hisoblanishini, biroq u yerda sotsializm yo‘qligini tushunasiz.

Soliqdan tashqari boshqaruv yo‘li bilan nazorat qilish mumkin bo‘lgan — davlat harajatlari, erkin savdo, biznes va iqtisodiyotni umumiy boshqarish kabi boshqa muhim narsalar ham bor. Biz nazorat qila olmaydigan — zilzila, neft borligini aniqlash, boshqa fors-majorlar kabi boshqa omillar ham borligi tushunarli. Men o‘zimiz nazorat qila oladigan narsalar haqida gapiryapman.

Foto: Sarah L. Voisin / The Washington Post

Buni oddiy misol bilan tushuntiraman. Ayrim odamlar bir umr chekadilar va sog‘lom yashaydilar. Boshqalar esa chekmaydi va o‘pka saratoniga chalinadi. Biroq, qattiq iltimos — chekmang. Bu sizda saraton bo‘lmaydi, degani emas, ammo, bu ushbu kasallik xavfini ancha kamaytiradi. Mamlakatdagi iqtisodiy siyosat masalasida ham shunday — bu muvaffaqiyat kafolati emas, lekin uning imkoniyatlarini oshiradi.

Agar siz men rahbarlari bilan “Chikago bolalari"dan biri sifatida ishlagan mamlakatlar, mayli u Reygan adminstratsiyasi bo‘ladimi, Pinochet hukumatimi yoki Argentina hukumati boshlig‘i Karlos Menemmi, ularning iqtisodiyotiga nazar tashlasangiz, bu turdagi islohotlar iqtisodiyotga uzoq muddatli istiqbolda yordam berishini ko‘rasiz.

O‘zbekistonga maslahatlar

Keng soliq olish bazasi va o‘zgarmaydigan stavkali past soliqlar zarur. Bu kafolatlangan muvaffaqiyat keltirmaydi, biroq, zarur boshlanmadir. Barqaror valyuta kerak. Shuni unutmaslik lozimki, davlat harajatlari — hamisha oxir-oqibat soliqlar, demak, juda zarur bo‘lgan narsalarga mablag‘ sarflash darkor. Loyihalar bilan yaxshisi xususiy sektor shug‘ullansin.

Xorijiy investorlarni jalb etish mumkinmi? Ularni jalb etish shart emas, agar yaxshi sharoit bo‘lsa, o‘zlari kelishadi. Odamlar nega boshqa mamlakatga sarmoya kiritadi? Pul qilish va o‘z foydasini olib chiqib ketish uchun. Agar siz foydani olib chiqib ketishni ta’qiqlasangiz — oqibatda hech kim investitsiya kiritmaydi. Istisno bor, biroq bu noto‘g‘ri.

Kichik mamlakatlarning (men sizning mamlakatingiz haqida emas, balki kichik iqtisodiyotlar to‘g‘risida gapiryapman) alohida valyutaga imkoniyati bo‘lmaydi. Ular eng yaxshi holatda valyutalarini yirik iqtisodiyot valyutasiga bog‘lab qo‘yadilar. O‘z vaqtida Xitoy shunday yo‘l tutgan edi, hozir Xitoy iqtisodiyoti rivoj topgan bir vaqtda ular valyuta kursiga nisbatan boshqa siyosat qo‘llashni boshladilar.

Sizlarning o‘rningizda men asosiy savdo sheriklaringiz, jumladan Xitoy va Rossiyani, asosiy ittifoqchilaringiz, biznes bo‘yicha hamkorlaringizni o‘rgangan va valyutangizni ular orasidan eng mustahkamiga, u yuan bo‘ladimi, rubl yoki yana boshqa qudratli valyutaga bog‘lab qo‘ygan bo‘lardim.

Foto: SNBCHF

Meksika va Kanadaga qarang. Bu ikki mamlakatning asosiy savdo sherigi — AQSh. To‘g‘ri, Kanada dollarida qirolicha surati aks etgan, biroq, valyuta AQSh dollariga bog‘langan. Panamada umuman AQSh dollari ishlatiladi. Bu misollarni ko‘rib chiqing.

Erkin sirg‘aluvchi valyutadan foydalanish “death spiral"ga (ahvol uzluksiz yomonlashib, halokat bilan tugashi), inflyatsiya o‘sishi, iqtisodiy o‘sish pasayishiga olib keladi. Chikago maktabining boshqa vakillari bilan birga biz Argentinada “currency board” tartibini o‘rnatdik va valyutani barqarorlashtirib, iqtisodiyotni uzoq muddatli o‘sishga olib keldik. Men bu albatta muvaffaqiyatga olib keladi, demoqchi emasman, lekin muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini oshiradi.

Qandaydir tartibga solish zarurligi tushunarli, masalan, yo‘llarda qaysi taraf — so‘l yoki o‘ng tomonga harakatlanishdan foydalanilishini aniq bilish lozim, biroq iqtisodiyotni haddan tashqari tartibga solish va boshqarish unga faqat zarar keltiradi.

Men soliqlar, davlat harajatlarini kamaytirish, barqaror valyuta haqida to‘xtaldim, endi esa erkin savdo haqida gapirmoqchiman. Axir shunday narsalar borki, chet elliklar uni yaxshiroq amalga oshiradi, shunday narsalar borki, ularni siz xorijliklardan ko‘ra ko‘proq uddalaysizlar.

O‘zingizni aldash va chet elliklarga nisbatan yomon tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilishga urinish kerak emas, faqat ularnikidan yaxshi ishlab chiqarilgan maxsulotlarni yuboring.

Oddiy so‘zlar bilan aytilgan qiyosiy afzalliklarning barcha nazariyasi ana shundan iborat. U Pinochet hukumati va Argentinada ishladi. Bizning yondashuv diktatura misolida ham, demokratiya misolida ham, baland odamlar bilan ham, baland bo‘lmaganlar bilan ham birdek ishlaydi, takrorlayman — iqtisodiy qonunlar barcha uchun barobar. Shu jumladan ular O‘zbekiston sharoitida ham ishlaydi.

Shu nuqtai nazardan men QQS joriy etilganini faqat qutlayman biroq imkon qadar pastroq stavkada bo‘lishi va har qanday soliq imtiyozlarini yo‘qotish zarur. Albatta, barcha soliqlar yomon, biroq QQS — yomonlar ichidagi eng yomoni. Xudoga shukur, siz shunday soliqni joriy etib bo‘libsiz va men hukumatingizga qo‘ldan kelgan yordamni berishga tayyorman.

Foto: YouTube

Hayotiy qoidalar

Men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman. Odamlarga yordam berayotganimni o‘ylasam ma’naviy lazzat olaman. Dunyoga nazar tashlab, qashshoqlikni, oz sonlilar kamsitilishini, ishsizlikni ko‘rganimda, hammaga yaxshi yashash va barchaga teng imkoniyatni berishga umid qilaman. Sog‘lom iqtisodiyot hammaga foydali.

Mening oltita farzandim, o‘n uchta nabiram va to‘rtta evaram bor. Hayotim juda yaxshi, chunki men “To do well by doing good” (“Xayrli ish qilib ulgurish”) qoidasiga amal qilib yashayman.

Xayrli ish qilish nima degani — umid qilamanki, mening maslahatlarim tufayli odamlarga o‘sish va ravnaq topish uchun yaxshi sharoit yaratish. Men 79 yoshga kirdim va pensiyaga chiqish niyatida emasman va imkon qadar pensiyaga tezroq chiqishni xohlovchilarni tushunmayman.

Bizda, AQShda O‘zbekiston ko‘p ham ko‘zga tashlanmaydi. Biroq bu yerda men afsonaviy mamlakat va odamlarni ko‘ryapman va umid qilamanki, maslahatlarim sizga yordam beradi. Menga Kennedining o‘zim umr bo‘yi rioya qilib kelayotgan quyidagi so‘zlari yoqadi: “A rising tide lifts all boats” — “Suv ko‘payishi barcha kemalarni ko‘taradi”. Chunki o‘sayotgan iqtisodiyot barchaga — yolg‘iz onalarga, kambag‘allarga, boylarga, ozg‘in va semizlarga birdek yordam beradi. Asosiysi, men hech qachon siyosiy o‘yinlarda qo‘lga tushmaganman, zero, iqtisodiyot — bu faqat matematika.

Spot tahririyati Toshkentdagi CAMCA forumining tashkilotchilariga ushbu materialni yaratishda yordam berganliklari uchun minnatdorchilik bildiradi.