Nestlé Uzbekistan Lactalis kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi, unga ko’ra u O’zbekistondagi sut va suv mahsulotlari ishlab chiqaradigan biznesini Lactalis kompaniyasiga sotadi. Bu haqda kompaniyada ma’lum qilindi.
Ushbu qaror Nestlé'ning uzoq muddat davomida O’zbekiston bozoridagi faoliyati samaradorligini oshirishga imkoniyat yaratishi kutilmoqda.
Shartnomaga muvofiq, Nestlé'ga qarashli suv va sut ishlab chiqarish korxonalari hamda ikkita zavod Lactalis mulkiga aylanadi.
“O'zbekiston bozoriga sodiq qolmoqdamiz, Nestlé brendlarini yanada rivojlantirish niyatidamiz va iste’molchilarga yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berishni davom ettiramiz. Lactalis — dunyodagi yetakchi sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Shartnomaga ko’ra O’zbekistonda Nestlé brendlari ostida sut va suv mahsulotlari toifalari bo’yicha mahsulot ishlab chiqarishda kuchli sherikka ega bo’lamiz”, — deydi Rossiya va Yevrosiyo mintaqasidagi Nestlé kompaniyasining rahbari Marsial Rollan.
Nestlé O’zbekiston bozoriga yuqori sifatli mahsulotlarni, jumladan, qandolat mahsulotlari, qahva va bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etishni davom ettiradi.