Prezident “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Qarorga binoan Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasi ishlab chiqiladi.
2019 yil 1 avgustdan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:
- mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mgacha, mikrokredit miqdori — 300 mln so‘mgacha va mikrolizing miqdori — 600 mln so‘mgacha oshiriladi;
- mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
- mikrokredit tashkilotlari barcha ishonchli (blankli) kreditlarning ular shakllantirgan ustav fondiga foiz nisbatini mustaqil belgilaydi;
- aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan mikrokredit tashkilotlariga korporativ obligatsiyalarni chiqarish va ularni faqat yuridik shaxslar o‘rtasida joylashtirish huquqi taqdim etiladi;
- xorijiy mikrokredit tashkilotlariga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan mikrokredit tashkilotlarining ustav fondida ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, mikrokredit tashkilotlariga:
- banklar, sug‘urta kompaniyalari va boshqa moliya tashkilotlarning agenti sifatida agentlik xizmatlarini faqat naqdsiz shaklda ko‘rsatish va agentlik bitimining mavjudligi to‘g‘risida axborotlarni oshkor qilish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlari normalarini bajarish sharti bilan qatnashishga;
- makroprudensial nazorat doirasida belgilangan normalarga rioya qilinishini ta’minlaydigan hajmlarda kreditlarni (qarzlarni) jalb qilishga va korporativ obligatsiyalarni chiqarishga;
- mikrokredit tashkilotlari boshqaruvining oliy organlari qarori bilan chakana xizmatlar, shu jumladan, naqdsiz shaklda ko‘rsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar markazlarini ular ochilgan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda Markaziy bankini xabardor qilgan holda ochishga ruxsat beriladi;
Shu jumladan, banklar va boshqa kredit tashkilotlari jismoniy shaxslarga banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan potensial qarz oluvchini masofadan turib identifikatsiyalash, ma’lumotlar xavfsiz almashuvini amalga oshirish va skoring modeli asosida qarz oluvchining kredit qobiliyatini baholashni ta’minlash sharti bilan onlayn-kreditlar (mikroqarzlar) berish huquqiga ega bo’ladi.