“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda Mabetex Group tarkibiga kiruvchi B&A Contractors SA va IT Engineering SA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Unda Toshkent-Sharqiy aerodrom bazasi asosida soatiga 1000 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari uchun zamonaviy kompleks (Terminal-2) ni loyihalashtirish va qurish uchun shartnoma imzolandi, xabar beradi “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, yangi terminalning loyihasi Humo qushi shaklida ishlab chiqarilgan bo‘lib, loyihada Terminal-2 binosi barcha klassdagi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi inobatga olingan.
2-Terminal binosi uch qavatdan iborat. Inshootning umumiy zalida restoranlar, chakana savdo do‘konlari va ma’lumot punktlari, avia kassalar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari va boshqalar o‘rin olgan. Yo‘lovchilarni kutish zalida “Duty free” do‘konlari va restoranlari mavjud.
Yangi terminal xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy muhandislik va texnologik uskunalar bilan jihozlanadi: yuklarni qabul qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, o‘z-o‘zini nazorat qilish pesh taxtalari, tekshirishning maxsus texnik vositalari, maxsus terminallarni boshqarish tizimi, teleskopik narvonlar, samolyotlarning avtoturargoh tizimi, ma’lumot taxtalari va boshqalar.
Zamonaviy majmua qurilishi ikki yil ichida amalga oshiriladi, uni 2021 yil sentyabrda yakunlash rejalashtirilgan.