Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 12 079 korxona tomonidan 52 665 nafar ishchi-xodim tegishli buyruqlar asosida rasmiylashtirildi.
Buning natijasida byudjetga qoʻshimcha 3,4 mlrd soʻm soliq hisoblandi, xabar beradi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.
Xususan, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 4 239, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 7 727, qurilish korxonalarida 5 086 nafar xodim rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi va boshqa korxonalarda 35 613 nafar ishchi-xodim rasmiylashtirildi. Samarqand shahridagi qurilish sohasida faoliyat olib boruvchi “Anvar Zamon Nur” MChJ oʻz hisobotlarida 12 nafar ishchini koʻrsatib kelgan. Mazkur korxona qoʻshimcha yana 22 nafar ishchini roʻyxatdan oʻtkazdi. “Radjabov Farid Stroy” MChJ esa qoʻshimcha 16 nafar ishchini rasmiylashtirdi.
Shuningdek, transport xizmati koʻrsatuvchi “Yasmira” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 12 nafar ishchi roʻyxatga oldirildi.