7 avgust kuni Banklararo milliy protsessing markazi Toshkent metropoliteni va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda metroda yo‘l haqini Humo kartalari orqali to‘lash tartibini tajriba tariqasida ishga tushirdi.
Yo‘l haqini kontaktsiz tarzda to‘lash uchun turniket Chilonzor yo‘lining “Xalqlar do‘stligi” metro bekatida o‘rnatildi. Ayni paytda u tajriba tariqasida ishlamoqda. Bu haqda BMPMda Spot’ga ma’lum qildi.
To‘lovni ushbu usul bilan “Оплата картой HUMO. HUMO kartasi bilan to’lang” maxsus tablichka o‘rnatilgan turniket orqali, kartani o‘qish moslamasiga qo‘ygan holda amalga oshirish mumkin.
“Ushbu ijobiy tajriba avgust oyi yakuniga qadar bizga yo‘l haqini kontaktsiz tarzda to‘lash tartibini poytaxt metropolitenining barcha bekatlarida joriy etish imkonini yaratib beradi, deb umid qilib qolamiz. Kontaktsiz tarzda to‘lov imkonini xalqaro to‘lov tizimlari kartalari foydalanuvchilari uchun ham joriy etish kelgusidagi rejalarimizdan o‘rin olgan”, — deydi BMPM direktori Shuhratbek Qurbonov.
Ta’kidlanishicha, yangi texnologiya yo‘lovchi kassada jeton xarid qilish o‘rniga yo‘l haqini turniket orqali kontaktsiz tarzda to‘lashni tanlagan holda kuniga 8 daqiqagacha vaqt tejaydi.
Kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda metroda bir marta yurish qiymati jeton qiymatiga teng.