Sentyabrda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining takomillashtirilgan talqini taqdim etiladi, xabar beradi LBMA matbuot xizmati.

Portalning yangi interfeysi ishlab chiqildi, shuningdek, funksional imkoniyatlarni yanada kengaytirish va rivojlantirish maqsadida taklif va mulohazalarni qabul qilish boshlandi.

“Portal o‘z diqqatini asosiy vazifalarga — jismoniy va yuridik shaxslarning to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat organlariga murojaat qilishlari, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirilishi, joylarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishi uchun qulay shart-sharoitlarning yaratilishiga qaratdi. 2017 yilda ishga tushirilgan portalda xizmatlar foydalanuvchi avtorizatsiyadan o‘tgandan so‘ng amalga oshirilar edi. Yangi talqinda barcha jarayonlar soddalashtirildi va butunlay avtomatlashtirildi” deb ta’kidlaydi — “Yagona integrator UZINFOCOM” bosh direktor vazifasini bajaruvchisi Emil Gimranov.

Portalning yangi talqinidagi asosiy qulaylik bu — foydalanuvchi uchun moslashuvchan dizaynga ega bo‘lgan interfeysdir. Endilikda Portaldan foydalanishda kompyuter talab etilmaydi, mobil telefon yoki planshet orqali ham bir marta ro‘yxatdan o‘tib, hech qanday qiyinchiliksiz foydalanish mumkin.

Shuningdek, portal davlat xizmatlaridan foydalanish, zarur ma’lumotlarni qidirish, biznes masalalarini tezda hal qilish va boshqa ko‘plab imkoniyatlarni yaratishda foydalanuvchilarga tezkorlik va aniqlikni taqdim etadi.

Portalning yangi talqini, avvalgi talqinidan farqli o‘laroq endilikda foydalanuvchidan barcha davlat xizmatlari turi bilan tanishish uchun yagona identifikatsiya tizimidan ro’yxatdan o‘tishi talab etilmaydi.

Kerakli davlat xizmatlarini oson va qulay ravishda topish imkoniyatini yaratish maqsadida “Hayotiy vaziyatlar” bo‘limi tashkil qilindi.

Masalan, “Bolaning tug‘ilishi” blokida ushbu vaziyat bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlari namoyon bo‘ladi. Tegishli ma’lumotnomalar berish, moddiy yordam olish va shu kabi xizmatlar shular jumlasidandir. Har bir hayotiy vaziyatga bog‘liq xizmatlar ishga tushirilishi bilan u tegishli xizmatlar blokiga qo‘shiladi.

Portalni rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarni quyidagi elektron manzilga yuborish mumkin: e-gov@napm.uz; info@uzinfocom.uz