Markaziy bank bundan keyin valyuta sotish va sotib olish narxlarini belgilamaydi, narxlar bozorda mustaqil shakllanadi.

Bu haqda 20 avgust kuni bo‘lib o’tayotgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, xabar beradi Spot muxbiri.

“Buni biz valyutani tartib solish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bilan bog‘ladik. U Qonunchilik palatasida uch marotaba o‘qildi va ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi. O‘ylaymanki, senatorlar tomonidan hujjatga sezilarli o’zgarishlar kiritilmaydi”, — dedi Nurmuratov.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston banklari valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd valyutani sotishni to’liq ravishda 20 avgustdan emas, balki 21 avgustdan boshlaydilar. Bungacha banklardan xorijiy valyutani faqat xalqaro to‘lov tizimlarining plastik kartalarida olish mumkin edi.

Ta’kidlanishicha, bu valyuta bozorini yanada liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida amalga oshirildi.

Markaziy bank raisining so’zlariga ko’ra, kurs o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri — 1 oktyabrdan bir qator bojxona imtiyozlarning bekor qilinishidir. Bekor qilinayotgan imtiyozlar sababli bojxona imtiyozlariga ega tadbirkorlik subyektlari tobora ulardan foydalanish istagining ortib borayotgani — faol ravishda valyuta sotib olishi kursga ta’sir qilgan.