Toshkent shahar hokimligida alkogolli mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanish huquqini beradigan ruxsatnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish bilan bog‘liq ba’zi qiyinchiliklar mavjudligini ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, ruxsat olish muddati uzoq ekanligi qayd etildi.
Shu asosda quyidagi takliflar ilgari surildi:
- alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini berishning to‘liq elektron tizimiga o‘tish uchun ruxsat berish bo‘yicha maxsus komissiyalar tarkibi ko‘rib chiqish;
- turg‘un savdo shoxobchasi ta’lim, sport va diniy muassasalardan radiusi 500 metr masofada joylashishi to‘g‘risidagi cheklovni 200 metrgacha qisqartirish;
- alkogolli ichimliklar chakana savdosi, shu jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli ichimliklarni sotish huquqi uchun oylik to‘lov miqdorining kamaytirilishi;
- alkogolli mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan korxonalarning yagona reestrini shakllantirish va ularni Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining vakolatli organ sifatida belgilash.
Tadbirkorlik subyektlari uchun qulayliklar yaratish va alkogol mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohomasi olish tartibini yanada soddalashtirish maqsadida Moliya vazirligi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda tegishli normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasini ishlab chiqmoqda.