Joriy yilning iyun va iyul oylaridagi narxlarning pasayishidan so‘ng avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yana qimmatlashdi.
Avgust oyida iste’mol bozoridagi o‘rtacha narxlar darajasining oy davomidagi o‘sish sur’ati 2,9%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 2,3%ga qimmatlashib, umumiy iste’mol narxlari indeksi o‘sishiga 1,0 f.d.da ta’sir etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari asosiy guruhlaridan oy davomida go‘sht, parranda go‘shti va baliq (6,3%), tuxum (3,5%) hamda alkogolsiz ichimliklar (3,1%) narxlari, so‘nggi ikki oy davomida mol va qo‘y go‘shti narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan. Mol go‘shti (suyaksizdan tashqari) ikki oy mobaynida 12,7%, suyaksiz mol go‘shti 11,6%, qo‘y go‘shti 10,8%ga qimmatlashgan.
Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-avgust oylari davomida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 8,2%ga qimmatlashdi.
2018 yilning avgust oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 16,5%ga oshgan.
Yanvar-avgust oylari davomida oziqovqat mahsulotlari narxlari 6,9%, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,8%, xizmatlar 11,5%ga qimmatlashgan.