Tarlan Musayev Toshkentdan Dubayga 2014 yili ko‘chib ketdi va besh yil ichida qora ishchidan bank menejeri va tadbirkorlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U Spot uchun maxsus Dubaydagi hayoti va biznesi, u yerda qanday ish yuritish, kompaniya ochish va pul sarflash haqida so‘z yuritdi.

“Seni u yerga olishmaydi”

Dubay men uchun har doim afsonaviy shahar bo‘lib ko‘rinardi — u shunday top megapolislardanki, televizorda uni tomosha qilib o‘ylaysan: “U yerda yashasam zo‘r bo‘lardi”. Men hamisha inglizzabon mamlakatda yashash va ishlashni orzu qilardim. Biroq hech qachon haqiqatda u yerda bo‘lib qolishim mumkinligini o‘ylamasdim.

Toshkentda mening yaxshi ishim va lavozim pillapoyalaridan ko‘tarilish istiqbolim bor edi. Men ishni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, biznesni boshqarish fakultetida o‘qiyotganimda Uzbek Leasing — xalqaro kompaniyasida malaka oshirishdan boshlaganman, shu yerda keyin magistraturani ham tamomladim.

Bu lizing kompaniya dunyo darajasida ishlardi: ofis Yevropa standartlari bo‘yicha jihozlangan, barcha jarayon ingliz tilida. Kafedra mudiri “seni u yerga olmaydilar” deb aytdi. Men kursboshi, a’lochi edim, biroq garchi kurslarga borgan bo‘lsam-da, ingliz tilim unchalik yaxshi emasdi.

Suhbatga kursdoshim bilan bordim, bosh direktor monetar siyosat bo‘yicha jiddiy savollar berdi va bizni ingliz tilini yaxshi bilmaganimiz uchun urishdi. Oxir-oqibat men rus tilida javob berdim va meni qabul qilishdi.

Foto: shaxsiy arxiv

Amaliyot tugagandan keyin bosh direktor yakun chiqarish uchun malaka oshiruvchilarni chaqirdi. Biz besh kishi edik: chet elda o‘qigan va ingliz tilini yaxshi biladigan vazirlarning farzandlari va men. Ma’lum bo‘lishicha bu bolalarning hech biri birorta loyihani amalga oshirmagan, men esa to‘rtta loyihani himoya qilib, 650 ming $lik kredit bergandim. Meni ishga qabul qilishdi.

Bu men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Bu birinchi ishim bo‘lib, bundan qariyb o‘n yil avval menga 2 mln so‘m maosh tayinlashgandi, u vaqtlarda shahar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 600 ming so‘m atrofida edi. Men u yerda ikki yil ishladim va keyin “Infin-bank"ka o‘tib, avval mutaxassis, keyin monitoring bo‘limi boshlig‘i sifatida ish olib bordim.

Dubaydagi birinchi ish: “Bu jahannam edi”

“Infin-bank"da men bir yarim-ikki yil ishladim. Ishim meni qoniqtirardi, ammo ayrim shaxsiy sabablar kelib chiqib Toshkent menga torlik qilib qoldi. Hayotda nimanidir o‘zgartirishni istadim.

Ayni o‘sha vaqtlarda Dubayda bank sohasida ishlaydigan qarindoshim menga u yerda o‘z kuchimni sinab ko‘rishni taklif qildi. O‘yladim: olayotgan maoshimni hisobga olganda “Neksiya” sotib olish uchun bir necha yil yemay-ichmay pul yig‘ishim kerak, Dubayda esa uch oy ishlab kreditga mashina olish mumkin. Toshkentda, mening lavozimim ko‘tarilib borayotgan bo‘lsa-da, bunday pul topa olmasdim, biznesda esa o‘sha vaqtlarda mening istiqbolim yo‘q edi va men harakat qilishga qaror berdim.

Skayp orqali to‘lov terminal-kiosklar o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bilan marketing bo‘yicha menejer lavozimi borasida muloqot bo‘ldi. Rossiya va Ukrainadan chiqqan rahbarlar atigi bir xaftada ish vizasini yuborishdi. Hammasi juda tez bo‘ldi.

Foto: shaxsiy arxiv

May oyida uchib keldim — juda issiq edi! Men mamlakat masalasida biroz yanglishganimni tushundim.

Bir hafta ishlaganimdan keyin menga shunday deyishdi: “Bilasanmi, biz o‘ylab ko‘rdik, marketing bo‘yicha menejer hozir bizga kerak emas. Terminallar o‘rnatuvchi o‘rni bo‘sh”.

Ya’ni menga qora ishni taklif qilishdi — og‘irligi 120 kg keladigan terminallarni ko‘chalarga olib borib o‘rnatish. Oylik maosh esa ikki baravar kam — taxminan Toshkentdagi bankdagidek. Men bo‘shashim mumkin edi, biroq ish vizasisiz Amirlikda bir oydan ortiq ishsiz yurish mumkin emas. Men esa bir oy ichida boshqa ish topa olmasligimni bilardim — Dubayda buni amalga oshirish osonmas.

Tun bo‘yi uxlamadim, bu yerga kelgan ekanman, O‘zbekistonga bir xaftada mag‘lub bo‘lib qaytish — uyat. O‘zing pishirgan oshni o‘zing ich. Ertalab ofisga bordim va roziligimni bildirdim.

Bu jahannam edi. Terminallar kondensioner o‘rnatilmagan omborda saqlanardi. U metalldan bo‘lgani uchun qizib ketardi. Men pikapli xaydovchini topib oldim, biz birga ishladik: kioskni aravachaga qo‘yasan, arqon bilan bog‘laysan. Eski shaharga olib borasan — u iflos, bu tomondagi ko‘chalar tor, do‘konlar xitoy tovarlari bilan to‘lib toshgan, odamlar ko‘p, tiqilinchlar.

Foto: shaxsiy arxiv

Ombor shaharning boshqa chekkasida edi, yo‘lda terminallar yanada qizib ketar, mening esa goh u, goh bu yerim kuygan bo‘lardi. Uch oyda 15 kg ozdim, qop-qorayib ketdim, doim terlab-pishib yurishga ham ko‘nikdim. Dubayda ham 40 daraja issiq bo‘ladi, biroq u Toshkentdagidek quruq issiq emas, u yerda 60−70% namlik mavjud.

Qora ishda ishlashimga to‘g‘ri kelayotganini xazm qilish juda og‘ir edi, ming bora hamasini tashlab uyga qaytish haqida o‘yladim. Biroq o‘zimga to‘xta, chida, sen o‘zingga so‘z bergansan, deb aytdim.

Dastlabki uch oy opamnikida turdim, keyin sheringga bordim — Qirg‘izistondan kelgan yigit bilan o‘rtada bir xonani ijaraga oldim. Bu oyiga 2000 dirxamga (500 $) tushdi.

Shunday kunlar bo‘ldiki, jazirama issiqda ishdan uygacha piyoda qaytdim, chunki uyga ijara puli to‘lab yo‘lkiraga pulim qolmasdi. Dubay juda uzun shahar, u chetidan bu cheti deyarli 130 km masofani tashkil qiladi. Ba’zan bir yarim soatlab piyoda yurishimga to‘g‘ri kelardi.

Bir paytning o‘zida men boshqa ish qidirdim va ingliz tilini chuqurroq o‘rganishga harakat qildim. Bu ancha murakkab edi, chunki men asosan Dubaydagi birinchi do‘stim pokistonlik haydovchi bilan muloqot qilardim.

Foto: shaxsiy arxiv

Burilish vaqti

Terminallar bilan sakkiz oy ishladim. Kunlarning birida ishda jarohat oldim: kiosk mening ustimga ag‘darildi. O‘zim sezmagan holda uni ushlab qoldim va yelkamda ikkita dabba chiqdi. Shunchalik qattiq og‘rirdiki, hatto arqonni ham bog‘lay olmay qoldim. Meni vaqtincha ofisga o‘tkazishlarini iltimos qildim, biroq ish beruvchilar shunday ham ularga qimmatga tushayotganimni aytib, men bilan shartnomani buzishdi, buning ustiga oxirgi oy uchun maoshimni berishmadi.

U vaqtlarda bir qiz bilan o‘rtamizda muhabbat paydo bo‘lgandi, u menga katta yordam berdi. Ish topishim uchun bir oygina vaqtim bor edi xolos. Topa olmadim, vizani uch oylik turistik vizaga almashtirdim. Biroq bu vaqt mobaynida ham ish topa olmadim, yana mamlakatdan chiqib ketishga to‘g‘ri keldi. Bularning barchasi harajat edi, menga sevimli qizim va do‘stlarim yordam berishdi. Endi har qanday ishga tayyor bo‘lib qoldim. Ammo, katta kompaniyalarga borishga cho‘chidim, chunki ingliz tilida jiddiy suhbatdan o‘tishimga ishonmasdim.

Ko‘ngilochar parkka ishga joylashishga to‘g‘ri keldi, biroq buxgalteriyada bo‘sh ish o‘rni yo‘q edi, menga faqat 4000 dirxamli maosh bilan (1300$) batutda sakraydigan bolalarga qarab turishni taklif qila olishdi.

Bu oxirgi tomchi bo‘ldi — menga, magistraturani bitirgan odamga enagalikni taklif qilishsa! Izzat-nafsimga tegdi va bir kunda barcha banklarga o‘zim haqimdagi ma’lumotnomani yubordim.

Biroq menga hech kim javob bermadi. Lekin tez orada parvozlarni qo‘llab-quvvatlovchi, ya’ni havoga ko‘tarilish, uchishga, qo‘nishga, umuman samolyot bilan bog‘liq barcha jarayonlarga ruhsatnomani rasmiylashtiradigan Jetex aviatsiya kompaniyasiga (Flight Support) ishga joylashishga muvaffaq bo‘ldim. U yerda opamning uyida ijarada turadigan qiz ishlardi.

Meni sayyohlik bo‘limiga ishga olishdi, biroq ko‘p o‘tmay u yerda zerikdim — mehmonxonalarni bronlashtirish uchun ortiqcha bilimning keragi yo‘q. Flight Support departamenti boshlig‘i bilan uchrashib, undan o‘sha yerda ishlashni so‘radim.

Foto: shaxsiy arxiv

Avvaliga, aytaylik, Belgiya aviatsiya hukmdor doiralariga qo‘ng‘iroq qilib, samolyot parvozni boshlagani uchun zudlik bilan havo bo‘shlig‘idan foydalanishga ruxsat berish zarurligini aytishga tortinardim. Dastlabki paytlarda matnni avvaldan tayyorlab oldim va o‘qib berdim. Biroq yarim yildan keyin tajribam oshdi, menga barcha harbiy samolyotlar, ikkita kichik aviakompaniyani rasmiylashtirishni ishonib topshirishdi. Dubay aeroportida Jetexning o‘z terminali bor, ular barcha shaxsiy samoletlarni rasmiylashtirishadi. Yodimda Uill Smit ham kelgan, uning parvozini o‘zim rasmiylashtirgandim.

Garchi soham bo‘lmasa ham bu ish yoqardi. Maoshim ham avvalgidan ancha ko‘p edi, o‘zimning birinchi mashinam — “Toyota Yaris"ni oldim.

Va birdan, oradan yarim yildan o‘tgach, bir yo‘la uch bankdan taklif oldim: sizni ishga olishni istaymiz, kelib shartnoma imzolang. Avvaliga aviatsiya kompaniyasidan ketishni istamadim — o‘rganib qolgandim, u yerdagi kasbdoshlarim yaxshi edi. Biroq opam va sevgan qizim o‘z sohamga qaytishim lozimligini aytib qattiq turib olishdi. Men opam ishlaydigan Noor Bankni tanladim.

Birinchi biznes

Men biznes-banking bo‘yicha menejerman, vazifam — yaxshi mijozlar topish va ularning hisoblarini ochish va yuritish. Birinchi yil men yaxshi mijozlar hisob raqamlarini berishlari uchun tadbirkorlarga kompaniya ochishda yordam beradigan konsultantlarga qatnab yurdim. Endi esa hech qayerga bormayman, menga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishadi va agar kompaniya nufuzli bo‘lsa ishga kirishaman.

Foto: shaxsiy arxiv

Dunyoning turli qismlarida mijozlarimiz bor, biroq rus tilini bilganim uchun asosan MDH mamlakatlari bilan ishlayman. Keyin negadir britaniyaliklar men bilan ishlashni yaxshi ko‘rishadi, ularning aytishlaricha, biz bir xil fikrlar ekanmiz.

Ofisda umuman o‘tirmayman. Ertalab 8 da ishga kelaman, xatlarni jo‘nataman, keyin kun bo‘yi uchrashuvlarga boraman. Ish jadvalim erkin va bo‘sh vaqtim ham ko‘p.

Mijozlar asosan restoranlarda uchrashishni afzal ko‘rishadi, o‘zim ham munosabatlarni mustahkamlash uchun ularni restoranga taklif qilaman. Kuchli tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lishni va ularning tajribasini o‘rganishni yaxshi ko‘raman.

Kunlarning birida bir mijoz so‘rab qoldi: “Senda kompaniya ocha oladigan tanish konsultant yo‘qmi?” Men: “Kel, o‘zim harakat qilib ko‘raman” deb aytdim. Men bu paytda barcha frizonalarni (erkin iqtisodiy zonalar- Spot) yaxshi bilardim, aloqalarim ko‘p edi. Shuning uchun kompaniyani juda tez ochdim. Odatda buning uchun bir oy vaqt talab etiladi- Dubayda hamma sekin ishlaydi, hech kim hech qayerga shoshilmaydi. Navbatda turasan, senga: “Relaks, inshallah. Uch kundan keyin keling” deyishadi.

Mijozga kompaniyani bir necha kunda ochib berdim, u esa: “shuncha tezmi, rostdan ochdingmi? Bo‘lishi mumkin emas!”, deydi. Shu kuni u yana bir kompaniya ochishga buyurtma berdi, bundan tashqari tez orada menga O‘zbekistondan mijoz chiqdi. Ular meni do‘stlariga tavsiya qila boshlashdi, ular boshqa tanishlariga. Xullas, mijozlar oqimi o‘sdi va men yordamchi yollashim kerakligini tushundim.

2016 yili kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdim: Litsenziya olishga 8000 $ kerak bo‘ldi, bunga qo‘shimcha ofis ijarasiga yiliga 12 000 $ to‘layman. Dastlabki mijozlarimdan olgan komissiyani kiritdim va yana qarz oldim. Bularning bari taxminan to‘rt yoki besh oyda o‘zini qopladi. Juda hisob-kitob qilib o‘tirganim yo‘q — mijozlar oqimi borligini bilganim uchun bu pullarni kiritganman.

Boshqa konsultantlar bilan qiyoslaganda kompaniyani ochish uchun olinadigan komissiya menda ancha arzon, hammasini aniq, puxta va tez amalga oshiraman, shuning uchun mijozlarim ko‘paymoqda. Mijozlarning hisob-kitoblarini o‘zim ishlayotgan bankda ochaman, shuning uchun ham bankdagilar mendan rozi.

Foto: shaxsiy arxiv

Ikkinchi biznes

Bir yil avval ikkinchi kompaniyani ochdim. Loyiha Dubayda yaxshi samara bermoqda va hozir uni Toshkentda, keyinchalik butun MDHda ham yo‘lga qo‘yish istagidaman.

Mahsulot bir qarashda juda g‘alati, bozorda bunaqasi yo‘q. Bu bir necha g‘oyalar yig‘indisi -internet-magazinga o‘xshash: masalan, biz 630 dirxamga (200 $) kepka taklif qilamiz. Bu yaxshi brend kepka, biroq narxi bundan arzon turadi. Bizda jami 1125 ta shunday kepka bor va ularning barchasi sotilgandan keyin xaridorlardan kimdir “Mersedes” yutib oladi. Futbolka sotib ol — jinsiga ega bo‘l. Bloknot olsang — “Aston Martin” nasib qilishi mumkin.

Kichikroq mukofotlar ham bor, masalan, 50 dirxamga qalam sotib olsang — 10 000 $ kesh yutishing mumkin. Bizda hozirgacha 300 kishi g‘olib bo‘ldi. Asosan mahalliy aholi qatnashadi — arablar bunga ishqiboz, sotib olish va yutishni yaxshi ko‘rishadi.

Bu loyihani hamkor-investor bilan birga yo‘lga qo‘ydim. Chunki, harajatlar ko‘p edi: 20 ming $ kompaniyani ochishga, 70 ming $ iOS va Android uchun ilovalar va veb-sayt ishlab chiqishga, 60 ming $ reklamaga sarflandi. Reklama juda qimmat turadi, biroq u nishonga borib tegdi. Asosan ijtimoiy tarmoqlarda ish olib bordik: videoroliklar qildik, taniqli blogerlarni jalb etdik.

Natijada kiritgan mablag‘imiz dastlabki uch oydayoq qoplandi. Bunday natijani kutmagandik. Kuniga 300 mingga yaqin kishi kirardi. Ulardan 5%dan ortig‘i nimadir xarid qiladi va bu ko‘rsatkich o‘sib boradi. Agar odamlar turli mahsulotlarni katta hajmda sotib olaversa barqaror bo‘ladi.

Foto: shaxsiy arxiv

Bizning magazin, g‘oya va brend butun dunyoda patentlangan. Hozir men bu loyihani Toshkentga olib kelyapman, bu safar o‘zim, hamkorsiz. Biz Wingo.uz brendi ostida ishlaymiz, men Musaev Brothers kompaniyasini ochdim. Bunga kamroq mablag‘ kerak bo‘ladi, masalan, MDH uchun ilova ishlab chiqish 40 ming $ turadi.

Amirlikda biz mahsulot xarom emasligi va bu yerda hammasi halol va vijdonan amalga oshirilishi hamda shariat qonunlariga mos kelishi haqida sertifikat oldik. Bu murakkab jarayon bir oydan ko‘proq vaqtimizni oldi.

Bu loyihadagi yana bir muhim narsa, boshidan mening shartim bo‘lgan — foydaning 10%ini jarrohlik amaliyoti qilinishi lozim bo‘lgan bolalarga yordam fondiga beramiz.

O‘zbekiston va o‘zimiz kirib boradigan boshqa mamlakatlarda ham huddi shu ruhda davom etamiz. Amirlikda avvaliga buni hammaga ma’lum qilishni xohlamadik, biroq, biz yordam ko‘rsatgan bolalarning ota-onalari o‘zlari bu haqda iltimos qilishdi — hammasi haqiqatda amalga oshirilayotganini barcha ko‘rishi uchun. Saytda “Biz kimga yordam ko‘rsatdik” bo‘limini ochamiz.

Toshkentda ham odamlar o‘z reytingini oshirish uchun qilishyapti, deb o‘ylamasliklari uchun avvaliga buni ovoza qilmaslikka qaror qildik. Hammasini shov-shuvsiz bajaramiz, asosiysi, ko‘nglim tinch bo‘lishi va bolalarga ham yordam berishimiz. Bu masalada bizga reklamaning hojati yo‘q. Bizning mahsulotimiz xalol, u professional marketologlar yordamida o‘zini namoyish eta oladi.

Bundan tashqari, foydalanuvchida sotib olingan futbolka yoki boshqa tovarni hayr-ehson qilish, bolalar uyiga o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi. Buxgalteriya, hisob-kitoblar shaffof, har qanday odam bizga ofisga kelib, bunga ishonch hosil qilishi mumkin.

Foto: shaxsiy arxiv

O‘zbekiston bozoriga chiqish

Men MDH bo‘yicha ishlashni O‘zbekistondan boshlashga qaror qildim. Maqsad ish qanday borishini ko‘rish, ehtimol tutilgan xatolarni tahlil qilish va ularni boshqa mamlakatlarda takrorlamaslik.

Tadqiqot o‘tkazdik: Click va Payme’da qancha foydalanuvchi borligini (bizning auditoriya — kartada to‘lovni amalga oshira oladiganlar), necha kishi smartfonlardan foyalanishini ko‘rdik. Raqamlar qiziqarli.

Bu yerda o‘yinlarni telefondan boshlaymiz va men odamlar uni ko‘rishlari va xotirjam bo‘lishlari uchun “Spark” sotib olsam kerak. Biroq kelajakda bunga hojat qolmaydi — odamlar tovarni ko‘rishar ekan, yirik mukofot sotib olish uchun kerakli mablag‘ ham to‘planadi.

Amirlikda o‘yinlar shaffofligini davlat vakillari nazorat qiladi (Dubayda davlatni juda hurmat qiladilar): ular biz lotereyadagi kabi qog‘oz tiketlar qilishimizni so‘raydilar. Aslida biz lotereya o‘yini emas, balki internet-magazin ochganmiz, foydalanuvchilar bizdan mahsulot sotib oladilar, o‘yin esa shunchaki mijozlarni jalb etish uchun aksiya.

O‘zbekistonda men o‘yinlarni o‘tkazishga estrada yulduzlarini (ehtimol Shaxzoda, Munisa Rizayevani) jalb etishni xohlayman. Yulduzlarning o‘zlari biz tegishli organlardan barcha ruxsatnomalarni olib, rasmiy ivent tashkil etadigan parkdagi sahnada yutuqlarni o‘ynaydilar. Hozir mening xodimlarim bu ish bilan shug‘ullanyaptilar. Biz o‘yinlarning sanasi va manzilini, saytda da’vogarlar ro‘yxatini e’lon qilamiz va hammasi o‘z joyida mehmonlar va barcha xohlovchilar ishtirokida o‘ynaladi.

G‘oliblar uchun shartimiz bor: yutuqda uch oy davomida bizning brendlashgan yorliqlarimiz turishi lozim, bu qo‘shimcha reklama bo‘ladi. Konsalting yo‘nalishni ham men O‘zbekistonda olib borishni rejalashtiryapman. Keyingi mamlakat Qozog‘iston, undan keyin Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina bo‘ladi. Rossiyada ham ishlashimiz mumkin, biroq u yerda bozor juda katta, u yoqqa chiqish oson bo‘lmaydi.

Yevropaga chiqmoqchi emasman — u yerda ularning o‘z konsultantlari bor. Biroq buni ham istisno qilib bo‘lmaydi, agar puxta ish olib borsam va tajribali xodimlar to‘play olsam, buning ham imkoniyati bo‘ladi. Hozir yurist va auditor qidiryapman, chunki Amirliklarda barcha kompaniyalarni auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish majburiy bo‘lib, auditorlik hisoboti ancha qimmat turadi. Shuning uchun ofisda ishlaydigan va yaxshi ish haqi oladigan kishini qidiryapman. Dubayda bu 5000 $ atrofida bo‘ladi.

Foto: shaxsiy arxiv

Dubayda qanday qilib kompaniya ochish mumkin?

Kompaniya ochish u yoki bu faoliyat turi uchun litsenziya qiymatidan kelib chiqqan holda 10 ming $ atrofida bo‘ladi. Eng arzon litsenziya yiliga 14 ming dirxam (3000 ming $) bo‘lib, biroq bu hech narsa bermaydi. Savdo-sotiq uchun o‘rtamiyona litsenziya 5000−6000 $ turadi. Hamma narsani sotish imkonini beradigan General trading litsenziyasi ham bor, biroq, birinchidan u juda qimmat (yiliga 20 ming $), ikkinchidan bunday kompaniyada hisob ochish juda murakkab.

Dubayda kompaniya ochish ishning yarmi. Dubayda hisob ochish — mana bu muammo. Odamlar ba’zan yillab hisob ocha olmaydilar, chunki u yerda komplayens juda qattiq ishlaydi — bank hamma narsani sinchiklab tekshiradi.

Sening bank hisobingdan ko‘chirmani ko‘rib chiqishadi: qayerda maosh olasan, qancha sarflaysan va yig‘asan. Masalan, agar bir odamning oylik ish haqi 500 $ bo‘lib, u bu pulning hammasini sarflashini ham ko‘radilar. Savol tug‘iladi: biznesga pulni qayerdan olyapti? Demak, qayerdadir u noqonuniy pul ishlab topgan.

Agar qandaydir qora tranzaksiyalari bo‘ladigan bo‘lsa, hatto kuchli bank-steytmentli o‘tkir tadbirkorlarga ham hisob ochmaydilar. Men bu hujjatlarni komplayensga taqdim etadigan bankir bo‘lganim uchun bank-steytmentni ocha turib nimadir noto‘g‘ri ekanini darhol ko‘raman va mijozlarga tranzaksiyalar bo‘yicha qo‘shimcha hujjatlarni — shartnomalar, invoyslar, tovar-transport hujjatlarini ko‘rsatishlarini so‘rayman.

Toshkentda hammasi ancha soddalashtirilgan: hokimlikka bordim, ertasiga kompaniya hujjatlari va muhrni berdilar, 600 ming to‘ladim, bori shu. Keyin bankda 20 daqiqada hisob ochishdi.

Amirliklarda bunday emas, ammo u yerda soliqlar yo‘q. 2018 yili QQS joriy etdilar, bu ham Yevropa bosim o‘tkazgani uchun. Bizda daromad solig‘i, hech qanday pensiyaga pul o‘tkazishlar yo‘q. Dubayda biznes yuritish foydali, chunki sen har qanday mamlakat bilan ishlashing va u yerda ko‘p hamkorlar topishing mumkin. Davlat tomonidan nazorat, tekshiruvlar yo‘q.

Foto: shaxsiy arxiv

Dubayda boshqa mamlakatdan kelganlar hayoti to‘g‘risida

Dubayda agar puling bo‘lsa, sen ko‘nglingda nima bo‘lsa qila olasan. U yerda Uber’da vertolyot chaqirish ham mumkin.

Bankda mening maoshim Dubay o‘lchamida hisoblaganda uncha katta emas — 3000 $. Bankda ishlab topiladigan pulning asosiy qismi — foizlar, oylik bonus. 2018 yili bonuslarim salmoqli bo‘lgani uchun yilning eng yaxshi xodimi unvonini berishdi. Yaqinda juda yaxshi bonuslar oldim va sport mashinasi sotib olishga qaror qildim.

Maoshimning bir qismini investitsiyaga, biznesga ajrataman, yana bir qismiga o‘zim uchun qimmatli buyumlar sotib olaman. Axir yoshlik qisqa, agar butun umr tejab-tergayversang, keksalikda eslaydigan hech bir xotirang bo‘lmaydi. Shuning uchun Dubayda men faol turmush tarzining barcha tomonlarini, jumladan yangiliklarni sinab ko‘raman: ya’ni parashyutdan sakrash, snoubording, quvurda uchish, tunda krab ovlash va hokazo. Hayotim yorqin bo‘lishi uchun nima lozim bo‘lsa qilaman.

Albatta, bu yerda hamma narsa qimmat. Ikki xonali uy uchun yiliga 20 ming $ to‘layman. Biroq bu yerda barcha turar joy binolarida o‘z yer osti parkinglari, basseyni, trenajer zal, sauna, sekyuriti bor, podyezd har kuni tozalanadi.

Internetga oyiga 500 dirxam (150 $) to‘layman, mobil aloqa oyiga 100 $ga tushadi — 750 daqiqa xalqaro qo‘ng‘iroqlar va 20 GB internet.

Yaxshi restorandagi o‘rtamiyona steyk 150−200 dirxam (50 $) turadi. Barda eng arzon pivoning bir bokali — 40−45 dirxam (12 $). Taksi kamida 3 $.

O‘tgan oy 5000 $ sarfladim. 300 $ga ham yashash mumkin, biroq o‘zingni kamsitilgandek his qilasan. Algoritmdan chiqqan, jinsini ippodrom bozoridan sotib olib yurgan oddiy yigitman, hech qachon olifta bo‘lmaganman, ammo yaxshi narsalarni yaxshi ko‘raman. Dubayga endi kelgan paytlarimda xatto “Lui Vitton” yoki “Guchchi"ning savdo do‘konlariga kirishga ham tortinardim.

Iqtisod qilish emas, balki ko‘proq pul topish lozim, deb hisoblayman. Jonimni berib ishlayman va shunga yarasha dam ham olaman. Tabiiy, boshida juda qiynaldim, ta’bir joiz bo‘lsa, “qum yeb, dengiz suvini ichishga” to‘g‘ri keldi. — Instagramdagi har bir surat ortida og‘ir mehnat soatlari bor.