Ilgari Spot Prezident Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasini topshirgani haqida xabar bergan edi.

Moliya vazirligi ma’lum qilishicha, vazirlikka QQS stavkasini amaldagi 20%dan 15%gacha tushirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasida QQS stavkasini 15%gacha tushirish hamda uning betarafligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi kutilmoqda.

“Yangi tahrirdagi soliq kodeksining loyihasida sotib olingan asosiy vositalar va ko‘chmas mulk bo‘yicha QQS summasini (12 — 36 oy davomida bir maromda hisobga olishning amaldagi tartibi o‘rniga) bir marttalik hisobga olish tartibi ko‘zda tutilgan, shuningdek, hisoblangan soliq miqdori bo‘yicha QQS summasini hisobga olgan holda ortiqcha miqdordagi QQS summasini qaytarish, soliq to‘lovchilarning butun doirasiga (bugungi kunda — faqat eksportchilarga) nisbatan nazarda tutilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, QQS stavkasini 5%ga kamaytirish Davlat budjetiga tushumlarni taxminan yiliga 10 trln so‘mga yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2%ga kamayishiga olib keladi.