Prezident Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha aniq asoslangan taklif kiritish vazifasini topshirdi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha tushumlarni ta’minlash, yashirin ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.
Toshkent shahri, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ko‘p milliard so‘mlik soliq qarzdorligi undirilmagani, qator tuman va shaharlar rahbarlari izlanmay, yirik soliq to‘lovchilar hisobiga prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishda davom etayotgani tanqid qilindi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘yicha inspeksiya soliq rezervlarini o‘rganish va tushumlarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq to‘lovchilarni elektron hisob fakturalariga o‘tkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bog‘lash kerakligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlar, ekspertlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Iyun oyida Davlat soliq qo’mitasi QQS stavkasini pasaytirishga zarurat yo’qligini ma’lum qildi.
“Agar biz QQS uchun yaxshi asos va keng qamrov yaratadigan bo’lsak, unda biz [soliq stavkasini] pasaytirishni muhokama qilamiz. Hali erta”, — dega edi Davlat soliq qo’mitasi raisining o’rinbosari Mubin Mirzayev.
Amerikalik iqtisodchi, mashhur “Laffer grafigi” muallifi Artur Laffer Spot’ga bergan intervyusida iqtisodiyot yanada tezroq o‘sishi uchun soliqlarni pasaytirish lozimligini qayd etdi.
“QQS joriy etilganini faqat qutlayman biroq imkon qadar pastroq stavkada bo‘lishi va har qanday soliq imtiyozlarini yo‘qotish zarur”, dedi Laffer.
Ilgari Spot QQS to‘lovchilari soni 40 mingdan ortiqni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi.