Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorga muvofiq, mobil qurilmalar:
- 2019 yil 1 noyabrgacha — ularni avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda;
- 2019 yil 1 noyabrdan — jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul, 2019 yil 1 dekabrdan esa pulli asosda ro‘yxatga olinadi.
Nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat bo‘yicha amalga oshiriladi.
Avval ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro‘yxatga olinmaydi.
Spot O’zbekistondagi mobil qurilmalarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etilishi haqida aprel oyida xabar topgan edi.
Qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:
- Kontrafakt qurilmalarni — yaʼni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani
- Oʻgʻirlanganlik yoki yoʻqotganlik sababidan “qora roʻyxat"ga kirib qolgan qurilmani
- Bojxona nazoratidan oʻtmagan qurilmalarni
Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini toʻgʻriligini — UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.