Sentyabr oyida iste’mol bozoridagi o‘rtacha narxlar darajasining oy davomidagi o‘sish sur’ati 1,3%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Umumiy hisobda to‘qqiz oy davomida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 9,7%ga qimmatlashdi.
2018 yilning sentyabr oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 16%ga oshgan.
Oy davomida tovarlar narxlari o‘rtacha 1,2%, oziq-ovqat mahsulotlari 1,4%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,9%ga ko‘tarilgan. Xizmatlar narxlari esa oy davomida 2,0%ga qimmatlashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari asosiy guruhlaridan oy davomida tuxum (8,2%), go‘sht, parranda go‘shti va baliq (2,7%), shakar, choy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari (1,6%), shuningdek, umumiy ovqatlanish muassasalari (1,8%) narxlari oy davomida boshqalarga nisbatan sezilarli darajada oshdi.
Yanvar-avgust oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 8,4%, nooziq-ovqat mahsulotlari 8,8%, xizmatlar 13,7%ga qimmatlashgan.