Olis 2004-chi yilda Yuriy Kim hamkorlari bilan birga O‘zbekistonda birinchi xususiy kitob magazinini ochdi. “Книжный мир” tashkil topganidan keyin o‘tgan 15 yil mobaynida nafaqat Toshkent, balki mamlakat hududlarida ham tanildi, oradan bir yarim yil o‘tgach, uning o‘zbek adabiyotiga yo‘naltirilgan egizagi — “Kitob olami” paydo bo‘ldi.
Tadbirkor Spot’ga elektron kitob va onlayn-magazinlar bilan raqobat, ko‘proq qanday kitoblar sotilayotgani va QQS kitob biznesiga qanday ta’sir qilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Start: 35 000ta kitob
“Книжный мир” ochilgunga qadar men jihozlar, avtomobillar, ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanganman. 2000 yillarda Moskvada ish bilan O‘zbekiston elchixonasiga kirdim, biroq tushlik vaqti ekan. Qandaydir yo‘l bilan vaqt o‘tkazish kerak edi va men “Молодая гвардия” kitob magaziniga kirdim, u elchixona ro‘parasida joylashgan edi. Bu do‘kon meni hayratga soldi, axir o‘shanda O‘zbekistonda kitoblar faqat yoymalarda sotilardi.
2004 yili biz ikkita hammuassis bilan O‘zbekistonda birinchi kitob magazini ochishga qaror qildik. Bu shunday soha ediki, ochiq ishlagan holda panadagi sektor bilan raqobat qilish mumkin edi — axir kitoblarni kontrabanda yo‘li bilan olib kelishdan foyda ko‘rmaysiz. Buning ustiga adabiyot nafaqat daromad, balki odamlar uchun foydali ham.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Biznesni o‘z mablag‘larimiz hisobiga ochdik. Faqat bir jihati bojxona bank kafolati bo‘yicha to‘lovlar muddatini uzaytirdi, mohiyatan bu ham o‘ziga xos kredit. Boshqa kredit olmadik.
Kitob magaziniga dastlabki mablag‘ kiritish sotiladigan bir kvadrat metrga 1000 $ hisobidan shakllantiriladi: shuning uchun 600 kv.m. maydonli magazin uchun yarim mln $ mablag‘ sarflanadi. Agar yana bino ham sotib olinadigan bo‘lsa, unda ko‘chmas mulk narxini ham qo‘shib qo‘yavering.
Biz ish boshlaganimizda hech kim qanday kitoblarni qancha miqdorda olib kelish kerakligini ayta olmas edi. O‘zbekistonda bunday amaliyot va mutaxassislar yo‘q edi. Biz sohaga birinchi bo‘lib kirgandik va 35 ming nomdagi kitoblarni to‘rt-sakkiz nushada olib keldik.
Oqibatda bu kitoblarning 20−40%i qolib ketdi, ularni yana ikki-uch yil sotdik, bir qismi o‘z tannarhidan ham arzon berib yuborildi. Biroq, vaqt o‘tib, nimani qancha olib kelish lozimligini bilib oldik.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Formatning o‘zgarishi va kovorking
Bizning dastlabki mahsulot yetkazib beruvchimiz Rossiyaning “АСТ” nashriyotlar guruhi bo‘ldi. 2004 yili u juda yirik tuzilma bo‘lib, 49 ta nashriyotni birlashtirgan edi. Shu bilan birga biz darhol o‘zbek nashriyotlari bilan ham hamkorlikni boshladik, keyingi yildan esa Rossiyaning boshqa noshirlari va xorijiy nashriyotlar bilan ham ishlashga kirishdik. Biz bilan hatto o‘z kitobini chop ettirayotgan alohida mualliflar ham hamkorlik qilishi mumkin.
Mijozlarimiz turli-tuman, biroq savdo hajmi bo‘yicha bolalar kitoblari yetakchilik qiladi. Biz ish boshlaganimizda bolalar adabiyoti savdoning 20% ga yaqinini tashkil qilardi, hozir esa 30−40% atrofida. Agar avval bolalar adabiyotiga savdo maydonining 20% ajratilgan bo‘lsa, hozir ular uchdan bir qismini egallagan.
Ilgari savdo miqdori ko‘p, biroq puli ozroq edi. Bitta yigirma futlik konteynerdagi kitob mahsulotlari 50 ming $ turar edi, hozir esa 100−150 ming $dan iborat.
Dastlabki paytlarda biz bitta konteynerga uch oyda bir marta buyurtma berardik, hozir esa yarim konteynerga buyurtma beramiz. Ammo savdodan tushgan pul baribir avvalgidan ko‘proq.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Boshida bizda MUMda, Gorkiy metrosida (hozirgi “Buyuk ipak yo‘li” stansiyasi — Spot) va Sodiq Azimov ko‘chasida 100 dan 300 kv.m.gacha uchta do‘konimiz bor edi. O‘n yil o‘tib biz formatni o‘zgartirdik: har biri 500−600 kv. m.lik ikkita katta magazin ochdik.
“Kitob olami"da deyarli 1500 kv.m faqat chakana savdo maydonlari va qahvaxonaga ajratilgan. Biz kitob savdosi yo‘nalishini yuritamiz, kovorking va qahvaxonani boshqalar boshqaradi. Kitob biznesiga 600 kv.m, kovorkingga — 300−400 kv.m atrofida, qahvaxona uchun — 300−400 kv.m ajratilgan. Yana ma’muriy qism bor. Biz hatto miting-holl tashkil qilishni ham rejalashtiryapmiz, u yerda notiqlik madaniyati o‘rgatiladi.
“Kitob olami” ko‘proq o‘zbek adabiyotiga ixtisoslashtirilgan, “Книжный мир” esa Rossiyada chop etilgan kitoblarga. “Kitob olami"da savdo maydonining tahminan yarmini mamlakatimizda chop etilgan kitoblar egallagan. “Книжный мир"da esa o‘zbek adabiyoti 10% atrofida, bu yerda inglizlarning “Makmillan”, “Oksford” nashriyotlari, turk va boshqa xorijiy kitoblar o‘rin olgan.
Kitob sohasidagi rentabellik o‘rtadan past
Kitob biznesining o‘z xususiyati bor: kitob olib kelasan, sotasan va doimo qandaydir qoldiqlar qoladi. Ayni shu qoldiqlar — foyda, ularni sotish uchun yangi turkum kitoblarni olib kelish lozim. Agar biznesni to‘g‘ri yuritsang, qolgan kitoblar pulga aylanadi, noto‘g‘ri yo‘l tutsang ular makulaturaga ketadi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Bu soha shunisi bilan ajralib turadiki, daromadni darrov ololmaysan. Nafaqat oylar, balki yillar davomida to‘g‘ri yo‘nalishda ish olib borish kerak. Biz kiritgan dastlabki mablag‘lar faqat uch-to‘rt yildan keyingina o‘zini qopladi.
Toshkentdagi mezon bo‘yicha kitob sohasidagi rentabellik o‘rtadan past — olingan foyda bilan tannarx o‘rtasidagi farq yiliga 20% atrofida va turli omillar tufayli o‘zgarib turadi.
Masalan, qoldiq kitoblar bir yildan so‘ng pulga aylanishi mumkin. Bu vaqtga kelib so‘mning dollarga, dollarning rublga nisbatan devalvatsiyasi (biz esa tovarning asosiy qismini rublda sotib olamiz) yuz berishi mumkin. Shunday qilib, biz kitobni uning Rossiyadagi narxiga nisbatan arzon sotishimizga to‘g‘ri keladi.
“Kitob olami"da bir yil-u uch oydan beri ish olib boryapmiz. Dastlabki yarim yilda zararga ishladik, hozir esa chiqimsiz ishlayapmiz. “Kitob olami” biz uchun tijoratdan ko‘ra ko‘proq katta ijtimoiy loyiha. Ammo u butun biznesimizga ijobiy samara berayotganini ham ta’kidlash joiz.
Auditoriyani qanday qilib kengaytirish lozim
Dastlabki ikki yil biz radio va gazetada reklamaga katta e’tibor berdik, bundan tashqari aksiyalar, hayriya tadbirlari o‘tkazdik. Oldinga qadam qo‘yish qiyin emasdi, chunki bizniki kabi savdo do‘konlari yo‘q edi — tez orada bizni Toshkentdan tashqarida ham bilishdi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Biz uchun eng qimmatli reklama — biz haqimizda aytilgan yaxshi gaplardir. O‘z ishimiz bilan biznesni rivojlantiryapmiz: katta assortimentni saqlab turishga, barcha mahalliy mualliflar va nashriyotlar bilan shartnomalar tuzishga harakat qilamiz.
Hozir biz ijtimoiy tarmoqlarga ko‘proq e’tibor beryapmiz, onlayn-magazin ochishni rejalashtiryapmiz. Shu bilan birga ijtimoiy yo‘nalishdagi biron-bir aksiyalarni moliyalashtiramiz — bu videoroliklar bevosita “Книжный мир” yoki “Kitob olami"ni reklama qilmaydi, ular kitob mutolaa qilishning foydasi haqida bo‘ladi.
Odamlar qancha ko‘p kitob o‘qisa, bizda xaridorlar shuncha ko‘payadi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Raqobatchilar — kitob yoymalari
O‘zbekistonda kitob bozori rivojlanmoqda. Moskva yoki Olma-otada elektron tashuvchilar sekin-asta kitob biznesini siqib chiqarmoqda, statistikaga ko‘ra, u yil sayin qisqarmoqda. Biz esa hali o‘z cho‘qqimizga chiqqanimiz yo‘q, shuning uchun rivojlanish davom etmoqda.
Biroq bozor ishtirokchilari ko‘p emas. To‘g‘ri, kitobni qonuniy va yirik turkumlarda olib keluvchi yana bir-ikki do‘kon bordir, biroq, ular ko‘proq mahalliy adabiyotga ixtisoslashgan.
Elektron tashuvchilar bizga muayyan raqobat tashkil qiladi va yil sayin ular ko‘payib boraveradi. Ammo, ayni vaqtda ular auditoriyamizni kengaytirishga yordam ham beradi — elektron kitob o‘quvchilar ertami-kechmi bizning do‘konlarga kelishadi.
Shu bilan birga bir-ikkita onlayn-magazin ham ishlaydi. Ularda naqd kitoblar yo‘q, ular buyurtma qabul qiladi va adabiyotni bir-ikki oy ichida yetkazib beradi. Bu buyurtmalar bir martalik bo‘lgani uchun bunday magazinlar katta harajat qiladi, mos ravishda, kitoblarning narxi ham qimmat bo‘lishi o‘z-o‘zidan ravshan.
Shuning uchun odamlar ko‘proq mavjud kitob rastalariga kirishga moyil, kitoblarni ushlab ko‘rish, varaqlash, muqovasini, format va harflarini tomosha qilish hammaga yoqimli. Bularning bari, kitobning o‘ziga xos hidigacha ajoyib.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Bir asarning o‘zi turlicha kitob ko‘rinishida bo‘lishi mumkin: birining muqovasi yumshoq bo‘lsa, boshqasi qattiq, yana biri oltin bilan naqshlangan albom shaklida. Shunday kitoblar ham borki, ular qo‘l mehnati mahsuli bo‘lib, cheklangan adadda chiqariladi. Bunday kitoblar maxsus sertifikatga ega va siz eksklyuziv sotib olayotganingizga ishonch hosil qilasiz. Tabiiy, ular arzon emas, biroq har bir tovarning o‘z xaridori bo‘ladi.
Bizning raqiblarimiz — bu kitob yoymalari. Toshkentda bizdagi kabi kitoblarni sotayotgan o‘nlab ana shunday yoymachilar bor. Biroq ular o‘z ishini qiladi, biz o‘zimiznikini va bir-birimizga halaqit bermaymiz. Hatto aksincha, kim kitob qidirayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda MUM atrofiga keladi. Agar bizda kerakli adabiyot bo‘lmasa, ular bu kitobni yoymalardan topadi yoki buning aksi.
Bizda nega kitob magazinlari kam?
Biz “Kitob olami"ni ochganda, men nega O‘zbekistonda sotish mumkin bo‘lgan kitob ko‘p emas, deb o‘ylagandim. Biz o‘z oldimizga mahalliy adabiyotni to‘la taqdim etish maqsadini qo‘ygan edik, qarasak, adabiyot boy ekan. Savdo maydonining yarmini O‘zbekiston mahsulotlari egallaydi.
O‘zbekistonda chop etilganlardan tashqari o‘zbek tiliga tarjima qilingan dunyoda mashhur kitoblar ham ko‘p. Bu juda yaxshi, axir, 33 mln aholisi bo‘lgan O‘zbekistonga davlat tilidagi adabiyotlar juda zarur.
Hukumat sohani rivojlantirishga harakat qilyapti, ammo baribir bizda hozircha kitob magazinlari juda kam.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Rossiya yoki Qozog‘istonning 3 mln aholisi bo‘lgan biror shahrida kitob magazinlari Toshkentdagiga qaraganda uch-to‘rt marta ko‘p. Buenos-Ayres aholisi ham 3 mln.ga yaqin, biroq, bu yerda 700 ta kitob magazini bor.
Bizda mutolaa madaniyatini rivojlantirish, odamlarda erta bolalikdan kitobga muhabbat uyg‘otish lozim. Yaxshiki, ko‘p yosh ota-onalar buni tushunishadi: bola aqlli va barkamol inson bo‘lib yetishishi uchun kitob yordamida unda shaxsni rivojlantirish zarur. Shuning uchun ular kitob sotib oladilar va bolalar adabiyotining ommaviyligi oshib bormoqda.
Hududlarda ahvol Toshkentdagiga qaraganda yomonroq. Yaqinda Prezident hududlar bo‘ylab safar qilganda o‘quv yurtlariga kitoblar olib bordi. Bu yo‘nalishda juda ko‘p ishlash darkor.
QQS kitob biznesiga ta’sir qilishi mumkin
Yil boshida umumbelgilangan soliqlarga tushib qoldik. Ilgari bizda aylanmadan tushgan soliq bo‘lardi, endi esa daromaddan to‘laymiz, QQS bo‘yicha imtiyozimiz bor. Biroq hozir yangi soliq kodeksi ishlab chiqilmoqda, unda kitob mahsulotlariga imtiyoz berilmaydi. Bu esa biznesimiz rentabelligiga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Shu o‘rinda dunyodagi mamlakatlarning 40%ga yaqinida kitob mahsulotlariga nisbatan QQS joriy etilmagani, yana tahminan shunchasida kitob mahsulotlarida umumbelgilanganiga qaraganda ikki-uch marta kamligini qayd etish joiz. Faqat 20% mamlakatlardagina kitob mahsulotlariga umumbelgilangan stavkadagi QQS tadbiq etiladi. Hatto Rossiyada kitob maxsulotlari uchun QQS kamaytirilgan — atigi 10%. Ko‘p rivojlangan mamlakatlardagi kabi davlat tomonidan soliq masalasida yordam ko‘rsatilishini istardik.
Menda shunday taklif bor: davlat pullarini mutolaani ommalashtirish uchun sarflamay, buning o‘rniga kitob mahsulotlari uchun QQSni olib tashlash maqsadga muvofiq. Baribir kitob mahsulotiga QQS bo‘yicha zanjir deyarli yo‘q va umuman, mening bilishimcha, sohani rivojlantirishga kiritilgan mablag‘lardan farqli ravishda kitob savdosidan soliqlar unchalik katta emas.
Shunda kitob magazinlari har bir oliy o‘quv yurti, har bir maktab va har bir qishloqda ochiladi — biznesning o‘zi rivojlanish bo‘yicha hamma ishni qiladi, hukumat esa maqsadiga yetadi.
Yuriy Kim 1972 yili Toshkentda tug‘ilgan. Qozog‘istonda “ASU muhandisi” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot olgan. 1995 yildan ehtiyot qismlar va jihozlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. 2004 yili hammuassislar bilan birga “Книжный мир” kitob magazinlari tarmog‘ini ochgan.