Islom taraqqiyot banki direktorlar Kengashi O‘zbekistonda umumiy qiymati 509,2 mln dollarga teng bo‘lgan ikkita yirik va iqtisodiy jihatdan ahamiyatli loyihani moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Birinchi loyiha ($200 mln) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bir qator infratuzilmaviy va ijtimoiy obyektlarni modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Loyiha doirasida 1161 km suv ta’minoti tizimlari, 626 km massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yo‘llar, 1154 km past kuchlanishli elektr liniyalari, 693 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlari, 155 o‘quv, tibbiy va 100dan ortiq boshqa inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi 710 mingdan ortiq kishining turmush sharoitini yaxshilash bilan birga, ushbu hududlarning barqaror rivojlanishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchi loyiha ($80 mln) mahalliy klinikalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali saraton kasalligiga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini har tomonlama takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Loyihaning amalga oshirilishi saraton kasaligini erta bosqichlarda aniqlashni yo‘lga qo‘yish va umuman davolash sifatini yaxshilash imkonini beradi: 1,8 mln nafardan ortiq ayollar diagnostika skriningdan o‘tishga va 150 ming saraton bilan kasallangan bemorlar sifatli tibbiy yordam olishga muvaffaq bo‘ladilar. Qayd etish joizki, avvalroq mazkur dasturning birinchi bosqichi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan $ 37 mln miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.
“Respublikada ushbu miqyosdagi tadbirni o‘tkazish ITB bilan hamkorlikning yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganligidan dalolat beradi, shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalaridagi ijobiy tendensiya va o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etadi” — deydi bank vakillari.