Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va bir qancha mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida 2020- yilda vazirlik faoliyatining natijalari muhokama etilib, 2021-yilga investisiyalarni jalb etish va eksportni oshirish borasida strategik maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati xabar berdi.
2020-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar miqdorining 40 foizga, jahon savdosi hajmida 25 foizga kamayish kuzatilgan bir holatda, O‘zbekistonda xorijiy investisiyalar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan oshib, 6,6 mlrd dollarga yetishi va eksport ko‘rsatkichi — 15,1 mlrd dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Bu ko‘rsatkichlarga qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya, elektr, kimyo va yengil sanoat sohalarida yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, kon-metallurgiya va transport sohalarida tovar hamda xizmatlar eksportini sezilarli darajada oshirish orqali erishildi.
Tahlillarga asoslanib, 2021-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar miqdori 7,5 mlrd dollarni, eksport hajmi esa 17 mlrd dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Bu vazifalarni bajarishda chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishiga alohida e’tibor qaratilib, ularga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mahalliy eksportchilarga samarali yordam ko’rsatish, ichki tovarlarini xalqaro elektron tijorat saytlariga joylashtirish va ro’yxatdan o’tkazish bo’yicha tegishli ko’rsatmalar berildi.