Prezidentning parlamentga qilgan murojaatnomasida iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish zarurligi ta’kidlab o’tildi. Shundan kelib chiqqan holda, 2021-yildan:
- Navoiy kon metallurgiya kombinati, “O'zbekneftgaz”, “O'zbekgidrogeologiya”, “O'zavtosanoat” xalqaro moliya bozoriga chiqib,davlat kafolatisiz mablag' jalb qilish imkoniga ega bo’ladi;
- banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalar joriy etiladi;
- Sanoat qurilish bank, Asaka bank, Ipoteka bank, Aloqa bank,Turon bank va Qishloq qurilish bank xususiylashtirilishga tayyorlanadi;
- “Farg‘onaazot” va “Dehqonobod kaliy” zavodlari, “Koka-kola ichimligi” korxonasi, “Bildirsoy” va “Chorvoq” oromgohlari, “Ichan qal’a” va Hyatt Regency mehmonxonalari, “Poytaxt” biznes majmuasi, alkogol, yog‘-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi;
- davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi;
- tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etiladi. “O‘ztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi;
- suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi;
- 1-martdan boshlab kumushni birja orqali ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi o‘rnatiladi;
- avtomobil sanoatida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va korxonalarga teng sharoitlar yaratish orqali sohada ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paytiriladi;
- 2021 yildan boshlab oziq-ovqat, neft va elektrotexnika kabi tarmoqlarda 73 ta aksiz solig‘i bekor qilinadi;
- 24 ta yirik davlat korxonasiga davlat xaridi bo‘yicha ochiq-oshkora talablar joriy etiladi;
- barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida bo‘ladi;
- Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta yirik metallurgiya zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen rudani qayta ishlash zavodi, shuningdek, respublika bo‘yicha to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmasevtika tarmoqlarida yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.
Bundan tashqari, Prezident 2021-yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga o’sishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta’minlash zarurligini ta’kiblab o’tdi.
Xalqaro valyuta ayirboshlash hamda valyuta bozorini erkinlashitirish sohasidagi o’zgarishlarga ham alohida to’xtalib o’tdi. Iqtisodiyotning xorijiy valyutaga bog’liqligini kamaytirish maqsadida valyuta kreditlari ulushini 2 mlrd dollarga pasaytirish to’grisida aytib o’tildi
“Kelgusi yilda milliy valyutada chiqariladigan xalqaro obligasiyalar ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish zarur.
Shu bilan birga, kelasi yili banklararo valyuta bozori „onlayn“ platformaga o‘tkaziladi va tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish uchun imkoniyat yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valyutani hozirgidek 4 kunda emas, yarim soatda sotib olishi mumkin bo‘ladi”, -deydi davlat rahbari.
Bugungi kunda O’zbekistonning davlat tashqi qarzi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi mezonlariga ko’ra xavfsiz hisoblanadi.
Ayni vaqtda tashqi qarz hisobidan hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar bundan buyon mahalliy Kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Ularning natijalari to‘g‘risida jamoatchilikka hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat nomidan tashqi qarz olish kamaytirilib, investisiya va infratuzilma loyihalariga ko‘proq xususiy kapital jalb etiladi.2021-yildan davlat-xususiy sheriklik asosida 40 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.
Prezident tomonidan Markaziy bankka moliya bozorida raqobatni oshirish maqsadida 1-fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritish to’g’risida topshiriq berildi.
Tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari yuzasidan davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Biznes-ombudsmanga vakolat berish taklifi taqdim etildi.
Kelgusi yilda “Soliqchi — ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta lisenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi.
Shuningdek, Prezident tomonidan parlamentga 20 mingta tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirish taklifi berildi.
“Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mgacha aylanma mablag‘larga ega bo‘ladi”, — deyiladi murojaatnomada.
Tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida:
- oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi;
- hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi;
- tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi;
- oxirgi 4 yil ichidagi tekshiruv natijalarini hisobga olgan holda moratoriy muddati yana bir yilga uzaytiriladi;
- hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot"ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi;
- kelasi yilda korxonalarga eksportni qo’llab-quvvatlash jamg’armasidan xom ashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 100 million dollar ajratiladi;
- eksport qiluvchilarga savdo uylari va do’konlarini ochish xarajatlari, chet elda reklama xarajatlari 50% qoplanadi.
Umuman olganda, hukumat oldiga kelgusi yilda tovar va xizmatlar eksporti hajmini kamida 20 foizga oshirish vazifasi qo’yilgan.