2020 yilning boshidan buyon O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz veb saytida 262,6 mlrd so‘mlik 106 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,6 marotabaga, hajmi bo‘yicha — 71,2% ga o‘sdi. Bu haqda Uzex.uz matbuot xizmati xabar beradi.

Sotilgan avtoraqamlarning 92,3% jismoniy shaxslar, 7,7% — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi — 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 206,7 mln so‘mni tashkil qildi.

Shaxsiy ma’lumotlarning maxfiylik siyosati tufayli ushbu raqamni oshkor qilish mumkin emas.
Avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.