O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Chinobod plaza sanatoriysi” foydalanishga topshirildi. Bu haqda Yunusobod tuman hokimligi matbuot xizmati xabar beradi.
1,7 gektar maydonni egallagan 5 qavatli binoning qurilishi 2018-yilning 2-choragida boshlanib, 2020-yilda to‘liq yakunlandi. Sanatoriyda 144 o‘rinli yotoqxona va davolash binosi mavjud, yiliga 4500 ishchi va xizmatchilarni sog‘lomlashtirish quvvatiga ega. Qurilish va obodonlashtirish ishlari hamda muhandislik inshootlarini barpo etish uchun jami 71,887 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.
“Chinobod plaza sanatoriysi” MChJda, oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari, yurak-tomir, endokrin va asab tizimi bilan og‘rigan fuqarolar uchun tibbiy reabilitasiya xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan mehmonxona tuzilmasidagi balneologik sanatoriy bo‘lib, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan.
“Chinobod Plaza sanatoriysi"da davolash muolajalari tabiiy, iqlimiy va fizioterapevtik usullardan kompleks ravishda foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Asosiy tibbiy davolash omillari sifatida Toshkent artezian yer osti suvlari havzasidan chiqadigan termal, kam ma’danli, xlorid-sulfatli-natriy-gidrokarbonatli (+510) Byuvetning shifobaxsh suvlari bilan davolash muolajalari amalga oshiriladi.