2020 yilning so’ngida Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 833-son qarori qabul qilindi.

Unga asosan quyidagilar tasdiqlandi:

— Mahsulotlarni identifikasiya vositalari orqali raqamli markirovkalash va ularning aylanmasini kuzatib borish qoidalari;

— “Asl belgisi” mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimiga texnik xizmat ko‘rsatish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

— Alkogol mahsulotlarini raqamli identifikasiya vositalari bilan markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risidagi nizom.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan mazkur qaror bilan tasdiqlangan qoidalar hamda nizomlar talablariga rioya etilishini nazorat qilib borish vazifasi Davlat soliq qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.

Majburiy markirovkalanadigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga markirovka kodlarini taqdim etish yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish uchun yagona to‘lov (tarif) miqdori qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmasdan 1 kod uchun 68 so‘m miqdorida belgilandi.

Qaror talablariga ko‘ra, ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi va “CRPT TURON” mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzildi.

Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahsulotlarni raqamli markirovkalash bo‘yicha ixtiyoriy eksperimentlar natijalari asosida:

— 2021-yil 30-dekabrga qadar dori vositalari va tibbiy buyumlarni;

— 2022-yil 1-martga qadar suv va salqin ichimliklarni;

— 2022-yil 1-mayga qadar maishiy texnikalarni markirovkalash va kuzatish tartiblarini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Ushbu qarorga asosan Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi hamda ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi.