Markaziy Bank qonunchilikda ko’rsatilgan nizomga muvofiq to’lov quvvatini yo’qotgan banknotlarni 2022-yil 1-yanvargacha almashtirish mumkinligini e’lon qildi. Bu haqida bank axborot xizmati xabar beradi.
Bu asosan️ 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik va ️1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020-yil 1-iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ularning o‘rniga 2018-yildan buyon 200 va 500 so‘mlik tangalar doimiy ravishda muomalaga chiqarib borilmoqda.
2020-yil 1-iyuldan buyon ushbu nominaldagi banknotlar, shuningdek, 50 va 100 so‘mlik tangalar va banknotlar faqat Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinib, muomaladagi pul belgilariga almashtirib berilmoqda.
Tahlil va murojaatlarga ko‘ra, aholi qo‘lida hanuz ma’lum miqdorda eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik tangalar va banknotlar saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank boshqaruvining 2021-yil 9-yanvardagi yig‘ilishida eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlar va tangalarni Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan amaldagi pul belgilariga almashtirib berishning oxirgi muddati — 2022-yil 1-yanvar etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.