Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tijorat banklari tomonidan 2021-yilda 120 trillion so‘m miqdoridagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar beradi.
Bundan tashqari, qurilish materiallari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Xususan, Sirdaryo shahrida faoliyat yuritayotgan polietilen qop va yengil konteynerlar ishlab chiqarish korxonasida 2 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Buning davomi sifatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “spanbond-meltblaun” noto‘qima matolarini ishlab chiqarishga qaratilgan 94 million dollarlik loyiha rejalashtirilgan.
Umuman aytganda, yangi loyihalar samarasida maxsus texnikalar, polimetall mahsulotlar, geosintetik materiallar, mineral paxta asosida qurilish plitalari, quvur, oyna va boshqa mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda kichik sanoat zonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qurilish hamda to’qimachilik sohasidagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2021−2023 yillar uchun qiymati 109 trillion so‘mdan ziyod 1 ming 277 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan qariyb 4,9 milliard dollari xorijiy investitsiya va kreditlarga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu saʼy-harakatlar 86 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.
Joriy yilda mazkur loyihalar doirasida barcha manbalar hisobidan 4,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan. 454 ta loyihani ishga tushirib, qariyb 29 ming kishini ish bilan taʼminlash maqsad qilingan.
Oldinroq Spot, Prezident Parlamentga qilgan murojaatnomasida biznes va iqtisodiyotda qanday loyihalar amalga oshirilishi haqida yozgan edi.