Afg‘onistonda tinch hayotni o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston va Afg‘on Islom Respublikasi o‘rtasida elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan hukumatlararo kelishuv imzolangan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qiladi.
Unga ko‘ra tomonlarning majburiyatlari aniq belgilangan bo‘lib, ushbu kelishuvga asosan yillik 2 milliard 200 million kilovatt soat elektr energiyasini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Mazkur kelishuv doirasida yetkazib berilayotgan elektr energiyasi ichki bozorga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlash maqsadida, qo‘shni davlatlar energotizimlaridan ham qo‘shimcha import qilinib, Afg‘onistonga uning bir qismi eksport qilinmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining yagona energotizimi Afg‘oniston energotizimi bilan faqatgina O‘zbekiston orqali bog‘langan, ya’ni yagona energotizim mamlakatlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi faqatgina O‘zbekiston orqali eksport qilinishi mumkin.
Ushbu mavzular yuzasidan turli internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muzokaralar ayrim xollarda noto‘g‘ri raqamlar va faktlarga asoslangan bo‘lib, xaqiqiy xolatni aks ettirmayapti.