Joriy yilning 11-dekabrida Oliy Yevroosiyo Iqtisodiy Kengashining qarori bilan O‘zbekiston YOIIda kuzatuvchilik maqomini oldi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti bu borada o’z tahlillari bilan bo’lishdi.

O’ZBEKISTON UCHUN NIMALAR O’ZGARADI?

Birinchidan, O‘zbekiston YOIIdagi kuzatuvchi maqomida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va uning ishchi organlari bilan yaqinroq hamkorlik qilish va hamkorlik kun tartibini keng ko‘lamda amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, ittifoq mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning afzalliklaridan to‘liq foydalanish hamda mamlakatimizga kuzatuvchi maqomini beradigan hamkorlikni chuqurlashtirish uchun sharoit yaratiladi.

Ikkinchidan, YOIIga a’zo davlatlar O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari va yaqin qo‘shnilaridir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kuzatuvchi maqomi har xil mavzulardagi munozaralarda o‘z vaqtida ishtirok etish, asosli qarorlar qabul qilish va iqtisodiy siyosatda zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Uchinchidan, barcha a’zo davlatlar bilan mavjud muammolarni muhokama qilish bo‘yicha muloqotni osonlashtiradigan doimiy kanal yaratiladi.

To‘rtinchidan, savdo, investitsiya va texnologik hamkorlikni kengaytirish maqsadida YOIIga a’zo davlatlar bilan yanada konstruktiv muloqot o‘rnatish imkoniyati yaratiladi.

Umuman olganda, Kengashda kuzatuvchi maqomida ishtirok etish bizga Ittifoqning integratsiyalashuv jarayonlari, yutuqlari, muammolari va rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

KUTILAYOTGAN TA’SIRLAR:

2020 yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning YeOII davlatlari bilan o‘zaro tashqi savdosi 8,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining qariyb 26,5 foizini qamrab oldi.

Shundan Ittifoq mamlakatlariga umumiy eksport hajmi 2,868,9 mln dollar (Rossiya — 1,323,4 mln dollar, Qozog‘iston — 818,8 mln dollar, Qirg‘iziston — 685,7 mln dollar, Belarusiya — 37,7 mln dollar, Armaniston 3,3 mln dollar)ni,

import hajmi esa 5 880,0 mln dollar (Rossiya 3 746,0 mln dollar, Qozog‘iston — 1 801,7 mln dollar, Qirg‘iziston — 130,6 mln dollar, Belarusiya — 199,7 mln dollar, Armaniston 2,0 mln dollar)ni tashkil qilgan.

O’ZBEKISTONNING YOII BILAN O’ZARO ALOQALARI TAHLILI

2020 yilning yanvar-noyabr oylarida, O‘zbekistonning jami tashqi savdo yuk tashuvlar hajmida YeOII mamlakatlarining ulushi 55 foiz (18,2 mln tonna)ni tashkil etdi, shundan 14,8 foizi (2,6 mln tonna) eksport yuklarini tashish, 85,2 foizi (15,6 mln tonna) import yuklarini tashishga to‘g‘ri keldi.

2019-yilning shu davriga nisbatan YeOII davlatlari bilan jami yuk tashuvlar 18,3%ga, shundan eksport yuklari hajmi 14,4%ga (Shundan, Rossiya +11%, Qozog‘iston +20%, Armeniya +9%, Qirg‘iziston +0,1%, Belarusiya -9%), import yuklari hajmi 19%ga (Shundan, Rossiya +24,4%, Qozog‘iston +20,3%, Armeniya +57,1%, Qirg‘iziston -4,4%, Belarusiya +40,0%) oshgan.

2020 yilning yanvar-noyabr oylarida, YOII davlatlari bilan jami 33,2 mln tonna yuk tashilgan. Shundan Temiryo‘l transportiga — 20,8 mln tonna (2019 y.ga nisbatan +22,5%), Avtomobil transportiga — 3,5 mln tonna (2019 y.ga nisbatan -0,9%), Havo transportiga — 1,1 ming tonna (2019 y.na nisbatan -20,2%) to‘g‘ri kelgan.

O‘tkazilgan tahlillarga asosan, O‘zbekistonning YeOIIga to‘la a’zoligiga erishishi bilan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • o‘zaro savdoda proseduralari soddalashadi;
  • eksport bojxona to‘lovlari olib tashlanadi;
  • mamlakatning tashqi savdo aylanmasi oshib boradi;
  • yuklarni tashish narxlari pasayadi;
  • yangi tranzit oqimlari jalb qilinadi;
  • meva-sabzavot eksporti ko‘paymoqda;
  • eksport-import xarajatlaridagi transport xarajatlari ulushi kamayadi;
  • transport vositalaridan foydalanish samaradorligi oshadi;
  • tovarlarni yetkazib berish muddati tezlashadi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi;
  • Yevroosiyo ittifoqining transport koridorlariga qo‘shilishi Qirg‘iziston va Afg‘onistonda temir yo‘llar qurilishini tezlashtiradi, YeOII davlatlarining Xitoy, Hindiston, Pokiston va Afg‘onistonga yuk tashish imkoniyatlarini oshiradi;
  • O‘zbekiston logistika markazlarining YeOII mamlakatlarining yirik logistika va taqsimlash markazlariga integratsiyasi eksport qilinayotgan tovarlarni, birinchi navbatda meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha imkoniyatlarimizni oshiradi.