Joriy yilning 14-yanvar kuni Carrefour chakana savdo brendining Chilonzor tumani, Qatortol ko’chasi 28 manzilda joylashgan supermarketi ochilishi bo’lib o’tdi. Bu haqda Carrefourning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanali xabar beradi. Bu riteyl kompanisining O’zbekistondagi ikkinchi do’koni hisoblanadi.

Oldinroq Spot, brendning birinchi supermarketi O’zbekistonga kirib kelganligi haqida xabar bergan edi. Carrefour dunyoda riteylerlik biznesi bilan shug’ullanuvchi kuchli o’nlik qatoriga kiradi va asosan rivojlanib borayotgan mamlakatlar bozorida faoliyat ko’rsatadi.

EastFruit kompaniyasining ma’lumotlariga ko’ra, Carrefour 2020-yil yakuniga qadar O’zbekistonda uchta supermarketni ochishni rejalashtirgan edi, ammo epidemiologik holat sababli rejalarda o’zgarishlar ro’y bergan.

2021-yilda O’zbekistonga yangi xorijiy chakana savdo kompaniyalari kirib kelishi kutilmoqda. Bulardan biri Magnum Cash& Carry hisoblanadi.

Avvalroq Spot Qozog’istonning yirik chakana savdo tarmog’i hisoblangan Magnum Cash&Carry O’zbekiston bozoriga kirib kelayotganligi haqida yozgan edi. Kompaniya joriy yilda Toshkentda oltitagacha do’kon ochishni rejalashtirgan bo’lib, ular asosan gipermarket shaklida bo’lishi aytib o’tilgan.

Agar Magnum bu rejalarni amalga oshirishning uddasidan chiqsa,unda ikkinchi marta Fransiyaning Carrefour kompaniyasi bilan yana bir bozorda to’qnash keladi.


Tahlilchilar fikriga asoslanib, hamda mahalliy va xorijiy riteylerlik kompaniyalari bilan raqobat kuchini oshirish maqsadida Carrefour UzOman kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Unga ko’ra, Samarqand darvoza va Compassda Makro o’rniga Carrefour supermarketlari ochilishi rejalashtirilgan.

BMT oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotining investitsiyalar departamenti iqtisodchisi Andrey Yarmak riteyl sohasining rivojlanishi mahalliy fermer xo’jaliklarinig rivojlanishi va birlashishi uchun turtki bo’lishi lozimligini ta’kidlab o’tgan edi.