“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2021-yil uchun davlat dasturi loyihasi muhokamalar uchun taqdim etildi. Spot biznes va iqtisodiyot sohasida qanday o’zgarishlar bo’lishi kutilayotganligi haqida ma’lumotlarni to’pladi:
TADBIRKORLIK SOHASI
- turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlarga oid 20 mingta tadbirkorlik subyektining 2020-yil yakuniga qadar kechiktirilgan 400 milliard so‘mni qaytarishi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969‑son Farmonida nazarda tutilgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turish, shuningdek soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilishiga cheklov (2020-yil 31-dekabr holatiga mavjud soliq qarzga nisbatan);
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi PF-5978‑son Farmonida nazarda tutilgan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib soliq organlarini xabardor qilgan holda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) tartibi;
- “xufyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy.
IMTIYOZLAR BO’YICHA
- dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratilishi;
- ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanishi;
- berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘ ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yilishi;
- tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- 2021-yil 1-martdan boshlab zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun kumushni ishlab chiqaruvchilar tomonidan kumushni birja orqali undan tayyorlanadigan buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi.
BANK SOHASI
- banklararo valyuta bozorini “onlayn” platformaga o‘tkazish;
- tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish imkoniyatini yaratish;
- tijorat banklarining valyuta kursini aniqlashdagi rolini oshirish;
- rasmiy valyuta kursini kunlik e’lon qilib borish.
TRANSPORT SOHASI
- Davlat byudjetidan subsidiyalash tizimini joriy etish orqali eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan muntazam avia qatnovlarini yo‘lga qo‘yish;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga respublika bo‘ylab sayohat qilish uchun avia chipta narxining 30 foizini qaytarish (cash back) tartibini joriy qilish.
ENERGETIKA SOHASI
- 2021-yil 1-martdan suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilish;
- 2021-yil 1-martga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirish “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish.
SOLIQ SOHASI
- Davlat soliq xizmatining faoliyatini “soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tashkil etish maqsadida kichik tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari uchun moliyaviy hisobotni avtomatik tarzda shakllantirib, soliq organlariga yuborish va monitoring olib borish imkonini beruvchi elektron tizim 2021-yil 1-iyunga qadar joriy etilsin.
- Soliq organlari tomonidan mazkur elektron tizimdan foydalanuvchi kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining faoliyatida soliq auditi o‘tkazilmaydi.
BOJXONA TIZIMI SOHASI
- toifadan tashqari maqomidagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari"ni sinov tariqasida bosqichma-bosqich tashkil etiladi;
- bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvini keskin qisqartiriladi;
- chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan yuk tashuvchilarni ro‘yxatga olish, hujjatlarni tekshirish, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar undirish jarayonini raqamlashtirish, umumiy onlayn nazorat amaliyoti joriy etiladi.
Muhokamalar joriy yilning 27-yanvariga qadar davom etadi.
Avvalroq Spot, Parlementga murojaatnomada biznes va iqtisodiyot sohalaridagi o’zgarishlar haqidayozgan edi.