Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersportni ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yurtimizda bosqichma-bosqich raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarni tashkil qilish ishlari izchil davom etmoqda.
Mazkur o‘quv markazlaridan yana biri Jizzax viloyati, Mirzacho’l tumanida ochilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar beradi.
Bu Jizzax viloyatida tashkil etilgan yettinchi o‘quv markazi hisoblanadi.
Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jizzax viloyat hududiy boshqarma, Jizzax viloyati va Mirzacho’l tumani hokimliklari rahbar va xodimlari, hamda mahalliy faollari va yoshlar ishtirok etishdi.
Mazkur markaz zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlangan va yuqori tezlikdagi ishlovchi internet tarmog‘iga ulangan. Bu yerda tuman yoshlari uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash, veb dizayn, kompyuter grafikasi, kibersport o’yinlari kabi ixtisoslashgan o‘quv kurslarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birgalikda o‘quv markazida tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirishi rejalashtirilgan.