Joriy yilning 23-yanvar kuni Carrefour chakana savdo brendining O’zbekistondagi 3-supermarketi ochildi. Bu haqda Carrefourning telegram kanali xabar berdi.

Carrefour dunyoda riteylerlik biznesi bilan shug’ullanuvchi kuchli o’nlik qatoriga kiradi va asosan rivojlanib borayotgan mamlakatlar bozorida faoliyat ko’rsatadi.

“Carrefour chakana savdoda O’zbekiston bozoriga chiqqan birinchi xalqaro brenddir. Uning O’zbekistondagi muvaffaqiyati yoki omadsizlikka uchrashi boshqa investorlar uchun, ayniqsa, xalqaro riteylerlar uchun muhim chaqiriq bo’ladi” , — deydi Andrey Yarmak, BMT oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotining investitsiyalar departamenti iqtisodchisi.

Eslatib o’tamiz: Spot avvalroq, Carrefourning Shayhontoxur va Chilonzor filiallarining ochilganligi haqida ma’lumot berib o’tgan edi.


2021-yilda O’zbekistonga yangi xorijiy chakana savdo kompaniyalari kirib kelishi kutilmoqda. Bulardan biri Magnum Cash& Carry hisoblanadi.

Avvalroq Spot Qozog’istonning yirik chakana savdo tarmog’i hisoblangan Magnum Cash&Carry O’zbekiston bozoriga kirib kelayotganligi haqida yozgan edi. Kompaniya joriy yilda Toshkentda oltitagacha do’kon ochishni rejalashtirgan bo’lib, ular asosan gipermarket shaklida bo’lishi aytib o’tilgan.

Agar Magnum bu rejalarni amalga oshirishning uddasidan chiqsa,unda ikkinchi marta Fransiyaning Carrefour kompaniyasi bilan yana bir bozorda to’qnash keladi.