Davlat soliq qo‘mitasining xabar berishicha, so‘nggi paytlarda onlayn nazorat-kassa mashinalari (onlayn-NKM) va virtual kassalarga kafolatli xizmat ko‘rsatganlik uchun oylik to‘lovlarning miqdori 2021- yil boshidan boshlab oshirilganligi yuzasidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan muntazam ravishda keskin norozilik va shikoyatlar kelib tushmoqda.
Vaziyatni tahlil qilgan holda Davlat soliq qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Tadbirkorlik subyektlari davlat reestriga kiritilgan istalgan turdagi onlayn-NKM yoki virtual kassalarni mustaqil sotib olishi va ushbu qurilmaga xizmat ko‘rsatuvchi ixtiyoriy Texnik xizmatlarni ko‘rsatish markazi (TXKM) orqali davlat soliq xizmati organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Qurilmalar va markazlarning reestrlari DSQning rasmiy veb-saytida mavjud.
Onlayn-NKMlar reestri — https://soliq.uz/page/davlat-reestri
Virtual kassalar reestri — https://soliq.uz/page/virtual-kassa-reestri
TXKMlar reestri — https://soliq.uz/page/txkm-reestri
TXKMlar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro tuziladigan shartnoma asosida belgilanadi.
Texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga mijozlar bilan tuziladigan shartnomalarda “Onlayn-NKM yoki virtual kassaga kafolatli uzluksiz texnik xizmat ko‘rsatish”ga nimalar kirishi hamda “bir martalik xizmatlar uchun to‘lov” nima ekanligini aniq belgilashi va konkretlashtirishi tavsiya etiladi.
Ushbu turdagi to‘lovlarni farqlash kerak, bir xil xizmat uchun ikki marta to‘lovga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlariga yordam berish, shuningdek TXKM o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuqoridagi holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish uchun rasmiy so‘rov yubordi.
Ishlab chiqaruvchilar (importyorlar), shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish markazlari onlayn-NKM va virtual kassa foydalanuvchilarini barqaror va adolatli narxlardagi xizmatlar bilan ta’minlashlari lozim.