Turkiya delegasiyasi O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi sohasida investisiya loyihalarini amalga oshirish, xususan saqlash, qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qurish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzoq va yaqin masofalarga tashishni tashkil yetish borasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun tashrif buyurishdi. Bu haqda Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi matbuot xizmati xabar beradi.

Eslatma: Öznakliyat Kara Taşımacılığı A.Ş turli xildagi, shu jumladan murakkab va nostandart yuklarni tashish bilan shug‘ullanuvchi logistika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya dengiz va havo yo‘llari, avtomobil va temir yo‘llari orqali, shuningdek intermodal va birlashtirilgan tashishni amalga oshiradi.

Turkiya delegasiyasi ikki tomonlama uchrashuv davomida O‘zbekistonning transport infratuzilmasi holati to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Agentlik tomonidan ta’kidlanishicha, 2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistondagi temir yo‘llarining uzunligi 6150,2 kilometr, respublika avtomobil yo‘llari — 184 ming kilometrni tashkil etadi.

“O‘zbekistonning eng muhim xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lashga zamin yaratuvchi hududiy joylashuvi uning katta afzalligi hisoblanadi. Biroq, mamlakat ichida logistika xizmatlarini rivojlantirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud”, deydi delegatsiya rahbari Xuseyn Oz.


Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalarini batafsil muhokama qilindi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 20 million tonnadan ziyod meva va sabzavotlar yetishtiriladi hamda ulardan 10 foizdan kamrog‘i eksport qilinadi. Meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va tayyorlash bo‘yicha respublikaning keng tajribasiga qaramay, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish maqsadida sabzavot va mevalarni to‘g‘ri saqlash va chuqur qayta ishlash uchun zamonaviy agrologistik majmualarni qurish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston tomonidan qishloq xo‘jaligi majmuasini qurish uchun hudud sifatida Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Surxondaryo viloyatida agrokompleksni qurish Afg‘oniston, Eron, Pokiston kabi mamlakatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, shu jumladan, mavjud bo‘lgan yirik logistika terminali “Termiz Kargo Markaz” MChJ orqali yetkazib berishga imkon yaratishi ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida Öznakliyat Kara Taşımacılığı A.Ş rahbari O‘zbekistonning eng yirik chakana savdo tarmoqlariga sabzavot va mevalarni yetkazib berishdan ham manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u komplekslarni poytaxtga yaqinroqda qurish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida investisiya loyihalarini amalga oshirishning navbatdagi bosqichini muhokama qilish uchun Turkiya delegasiyasi tomonidan tayyorlangan qo‘shimcha so‘rovnomani Agentlikka yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.