Ipoteka kreditlari ommabopligini yanada oshirish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezidentning PF-5886-sonli Farmoni qabul qilingan.
Mazkur farmon asosida ipoteka kreditlarini ajratishda yangi tartib joriy etilib, unga muvofiq ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga bog‘liq tarzda o‘zgaruvchanligi belgilangan. Ya’ni, regulayator tomonidan qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilgan taqdirda, tijorat banklarining yangi tartib doirasida ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi ham mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Markaziy bank joriy yilning 21-yanvar kuni qayta moliyalashtirish stavkasi 14% darajasida o’zgarishsiz qolishi haqida ma’lumot bergan edi. Shu bois Markaziy bank ipoteka kreditlari foizining oshishi yuzaga kelishini oldini olish maqsadida fuqarolarga murojaat qildi.
Unga ko’ra, tijorat banki va qarz oluvchi o‘rtasida yangi tartib doirasida tuzilgan ipoteka krediti shartnomasida kreditning foiz stavkasi yillik 18 foiz qilib belgilangan va o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi yillik 14 foiz miqdorida bo‘lgan.
Ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi 1 foiz bandga pasaysa, ya’ni 13 foiz etib belgilansa, unda ushbu sanadan boshlab qarz oluvchi uchun ipoteka kreditining foiz stavkasi ham 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 17 foizdan hisoblanib boriladi va bank kreditning qaytarish jadvalini qarzdorlarga yangidan qayta rasmiylashtirib beradi.
Shu munosabat bilan, ipoteka krediti oluvchilarni Prezidentining PF-5886-son Farmoniga, shuningdek, Markaziy bankning “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida"gi Nizomning 36(11) — va 37(2)-bandlariga asosan:
- ️yangi tartib doirasida ipoteka krediti olish uchun tijorat banki bilan tuzilgan yoki tuzilayotgan ipoteka krediti shartnomasi shartlarida kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi turi o‘zgaruvchanligi hamda foiz stavkasi o‘zgarganda bank kreditning qaytarish jadvalini yangidan rasmiylashtirib berishi lozimligi ko‘rsatilganligiga;
- ️Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi o‘zgarganda belgilangan foiz stavkalarining o‘zgarishi tomonlar uchun tushunarli tarzda bayon etilganligiga va tuziladigan ipoteka krediti shartnomasida foiz stavkasining o‘zgarish tartibi qayd etilganligiga e’tibor berishingizni so‘raladi.
Yangi tartib doirasida tuzilgan ipoteka krediti shartnomasida kredit foizi stavkasining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq shartlar mavjud bo‘lmasa, shuningdek, kredit shartnomasida kredit foizi stavkasining o‘zgaruvchanligi nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu shartga bank tomonidan amal qilinmasa, bevosita kredit ajratgan tijorat bankiga murojaat qilish huquqiga ega ekanligingizni ma’lum qilinadi.
Qarz oluvchilarning huquqlari buzilganligi bo‘yicha asosli murojaatlari tijorat banklari tomonidan qanoatlantirilmasa, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200−00−44 raqamli ko‘p kanalli yagona “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilish mumkin.