Boshqa mamlakatlardan koronavirusning yangi shtammlarini kirib kelishini oldini olish borasida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va JAR davlatlari bilan xalqaro aviareyslarga (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali O‘zbekistonga kirish) nisbatan cheklovlar joriy yil 1 martiga qadar uzaytirildi.
Shuningdek, qoidaga ko‘ra:
— yuqorida nomlari sanalgan davlatlarda so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan shaxslar yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekistonga kiritilmaydi;
— so‘nggi 14 kun davomida ushbu davlatlarda bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinadi.
Avvalroq, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu davlatlarga nisbatan dastlab 2021-yil 10 yanvargacha, keyin 1 fevralga qadar cheklov kiritilgandi.