Xitoyning Xiaomi kompaniyasi AQSH hukumati ustidan sudga murojaat qildi. Uning mazmuni AQSH ning vakolatli hukumat organlari (Mudofaa va Moliya vazirligi) tomonidan kompaniyaning qora ro’yxatga kiritilishi va aksiyalar savdosining ta’qiqlanishiga norozilik kayfiyatini aks ettiradi. Bu haqda Financial Times xabar beradi.
O’zining sud da’vosida xitoylik texnika giganti Pentagonning qora ro’yxatini “konstitutsiyaga zid” deb ataydi va ro’yxatda bo’lish kompaniya biznesiga “muqarrar va tuzatib bo’lmaydigan zarar” keltirishini ta’kidlaydi. Xiaomi advokatlari, shuningdek, AQSh rasmiylari hali ham kompaniyaning XXR harbiy-sanoat kompleksi bilan hamkorlik qilishiga oid biron bir dalil keltirmaganligini ta’kidladilar.
“Xiaomi Xitoy hukumati yoki armiyasi tomonidan boshqarilmaydi va nazorat qilinmaydi. Ular o’rtasida umuman bog’liqlik yo’q. Shuningdek, u Xitoy harbiy-sanoat majmuasi bilan bog’liq bo’lgan biron bir yuridik shaxsga ham tegishli emas”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Eslatma: Xiaomi Pentagon tomonidan 2021-yilning 14-yanvar kuni qora ro’yxatga kiritilgan edi. Shundan so’ng, uning ishlab chiqarish ko’rsatkichlari 10 foizga pasayishi kuzatildi.
Ma’lumot uchun: Xuddi shunga o’xshab, Xitoyning Huawei kompaniyasini 2019-yilda telekommunikatsiya jihozlari orqali amerikaliklarni kuzatishda ayblashgan edi. Sanksiyalar esa kuchayib bormoqda. Kompaniya tarkibida bo’lgan Honor esa sanksiyalarga qarshi kurashish maqsadida alohida bo’lib chiqqan edi. Lekin kuzatuvchilar fikricha, Xiaomi masalasida ish faqat aksiyalarga egalik qilishni taqiqlash bilan cheklanishi mumkin.