“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ushbu vazifani o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida mazkur sohada katta tajribaga ega bo‘lgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va “O‘zbekgidroenergo” o‘rtasida tuzilgan “Har taraflama hamkorlik bo‘yicha o‘zaro hamfikrlilik memorandumi”ga ko‘ra, korxonaning mahalliy va xorijiy kapital bozorlariga chiqishi bo‘yicha hamkorlik qilish, qimmatli qog‘ozlar, jumladan, Islom tamoyillariga asoslangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali investitsiya faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish kabi faoliyat turlarining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda “O'zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati xabar beradi.
Shuningdek, chora-tadbirlar ijrosi natijasida joriy yilning iyul-avgust oylarida obligatsiyalarni chiqarish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ o‘z ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqib, “yashil” islomiy obligatsiyalarni chiqarish bo‘yicha izchil izlanishlar olib bormoqda.
Xususan, hozirda bir qator nufuzli xorijiy investitsiya banklari, AQSHning “Citibank”, “JPMorgan Shase”, Shveysariyaning “Credit Suisse”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Emirates NBD”, Fransiyaning “Societe Generale” singari nufuzli banklari bilan islomiy obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Oldinroq “O'zbekgidroenergo” Fitch Ratings tizimida “B+” darajasida baholangan edi.