Prezident tomonidan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi imzolandi. Spot Dastur doirasida biznes va iqtisodiyotga oid muhim yangiliklarni to’pladi.
Tadbirkorlik
2021-yil 31-dekabrgacha:
- turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2021 yil 1 yanvar holatiga qarzdorligi to‘lanishi;
- Prezidentning 2020-yil 19-martdagi PF-5969‑son Farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha 2020-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, mavjud qarziga penya hisoblanishini to‘xtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini ko‘rmaslik talabi;
- koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 2020-yil 31-dekabr holatigaqoldiqda turgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summasi;
- “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy.
Nafaqa va pensiya
- pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr —
2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi; - uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
- ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
- pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
- pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
- fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.
Imtiyozlar bo’yicha
A) ishsiz a’zolari bor oilalarga, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun:
- dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun, shu jumladan, yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 0,1 gektardan 1 gektargacha yer ajratiladi;
- ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanadi;
- berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘, ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi.
B) tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
D) 2021 yil 1 martdan boshlab zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun “NKMK” DK tomonidan kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi.
Turizm
2021 yil 1 martdan 2022 yil 1 iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun quyidagi xarajatlarning bir qismini qaytarish mexanizmi joriy qilinadi:
- aviatashuvchilarga — ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarda avia chipta narxining 25 foizi;
- turoperator va turagentlarga — O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi hamda joylashtirish vositalarining joylashtirish bo‘yicha xizmatlari narxining 10 foizi. Bunda, ushbu xarajatlarning bir qismini qaytarish sayohat amalga oshirilgan hududlardagi joylashtirish vositalarida kamida bir kecha tunab qolish sharti bilan taqdim etiladi.
Energetika
- suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinadi;
- 2021 yil 1 iyunga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirish “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
- “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini ta’minlasin hamda birinchi bosqichda 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi beriladi.
Soliq
- Davlat soliq xizmatida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida fermer xo‘jaliklarining daromad va xarajatlarini avtomatik shakllantirish va soliq organlariga yuborish imkonini beruvchi elektron tizimni 2021-yil 1-iyulga qadar amaliyotga joriy etish choralari ko‘riladi.
Davlat soliq xizmatining faoliyatini “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tashkil etish doirasida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida 5 milliard so’mni tashkil etgan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklari soliq monitoringida ishtirok etishga haqli deb belgilandi.