2021-yilning 29-yanvarida KBRA Orient Group kompaniyasining 126 mlrd so‘mlik yopiq obuna bo‘yicha korporativ obligatsiyalar chiqarilishini (emitent — Mind Asia MCHJ) ro‘yxatga oldi. Bu haqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rasmiy telegram kanalida ma’lumot beriladi.

Korporativ obligatsiyalar — aksiyadorlik jamiyatlari va o‘zining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar tijorat banklari tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar.

Chiqarish shartlariga binoan kupon yillik 9−10% ni tashkil etadi va har chorakda to‘lanadi. Shu bilan birga asosiy mablag‘ va obligatsiyalar bo‘yicha kupon to‘lovlari AQSH dollari kursida hisoblanadi. Obligatsiyalarni joylashtirish orqali olingan pul mablag‘lari “Depo Mall” SKOM qurilishiga yo‘naltiriladi.

“Ushbu korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hozircha O‘zbekistondagi mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilgan eng yirik namuna. Biz bozorda yaxshiroq shartlarni taklif etib, korporativ obligatsiyalar bo‘yicha yangi benchmark yaratish qarorini qabul qildik. Mahalliy kapital bozoriga chiqayotgan Orient Group kompaniyasining muvaffaqiyatlar tarixi uchun bu ajoyib ibtido”, deydi Orient Group Management bosh direktori Andrey Safronyuk.

Eslatma: 2020-yilning iyul oyida Prezident qaroriga binoan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi bo‘yicha yangilangan qoidalarga ko‘ra MCHJlarga korporativ obligatsiyalarni chiqarish huquqi berilgan edi.