Prezident joriy yilning 2-fevral kuni “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ- 4971- sonli qarorni imzoladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “CENGIZ ENERJI SAN. VE TIC A.Ş.” va “Cenergo” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan korxonasi o‘rtasida “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan kombinatsiyalangan siklli elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirish bo‘yicha Investitsiya kelishuvi imzolangan.
“O‘zbekiston miliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasi tuzilgan.
Ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 3 oy ichida sotib olinishini qoplash uchun majburiyatlar bajarilishini ta’minoti sifatida O‘zbekiston Respublikasining yuqori darajadagi reytingi bo‘lgan tijorat bankining tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz uzoq muddatli xorijiy valyutada bank kafolati Loyiha kompaniyasi foydasiga ochishga ruxsat berildi.
IESda ishlab chiqarilgan mahsulotlar faqatgina “O‘zbekiston miliy elektr tarmoqlari” ga sotilishi ko’zda tutilgan. To’lovlar milliy valyutada amalga oshiriladi.
Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Loyiha kompaniyasiga Elektr energiyasini sotib olish shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarda yerni ijaraga berish bo‘yicha shartnoma imzolagan holda investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga foydalanish uchun yer uchastkasi ajratilishini ta’minlaydi.
Hujjatga muvofiq PQ- 4287- sonli qaror o’z kuchini yo’qotadi.