So’x tumani Farg’ona viloyatiga qarashli yirik iqtisodiy va turizm salohiyatiga ega hudud hisoblanadi. Bugunga kelib So’xda bir qancha yirik loyihalar iqtisodiyot va tadbirkorlik sohalarida amalga oshirib kelibmoqda. Spot manbalarga asoslanib ma’lumotlar to’pladi.

Sanoat zonasi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, So‘x tumanidagi o‘rganishlar jarayonida tumandagi Hazrati Ali MFY hududida tashkil etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasini borib ko‘rdi hamda mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

3 gektar maydonda tashkil etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasida 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilishga boshlandi. Umumiy qiymati 11 milliard 250 million so‘mdan oshiq bo‘lgan bu loyihalarning hayotga tadbiq etilishi natijasida 250 dan ziyod ish o‘rni paydo bo‘ladi. Loyihalar orasidan qurilish, oziq-ovqat, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish kabi korxonalar o‘rin olgan.



Loyihalar tashabbuskorlari bilan muloqot qilgan viloyat hokimi, sanoat zonasining infratuzilmasini yaratish bilan bog‘liq masalalar to‘laligicha hal etib berilishini bildirib, bu yerda o‘z ishlab chiqarish biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlarga, loyiha hajmidan qat’iy nazar har tomonlama yordam berilishini, kredit mablag‘lari ajratilishini ma’lum qildi.

3 ta mahalla o‘rtasida joylashgan ushbu yoshlar kichik sanoat zonasi yaqinida ko‘p qavatli turar-joylar, sport maydonchalari qurilishi, buning natijasida hududda yangi sanoat shaharchasi paydo bo‘lishi qayd etildi.

Savdo kompleksi

So‘xda barpo etilayotgan yangi savdo kompleksi xizmat ko‘rsatish sohasida 500 ortiq yangi ish o‘rni taqdim etadi. Majmua hududini asfaltlash hamda elektr tarmog‘i tortib keltirish bilan bog‘liq ishlarni mahalliy byudjet hisobidan hal etib berilishini ma’lum qilindi.



Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirish rejalashtirilayotgan ushbu savdo kompleksida 250 dan ziyod do‘kon joylashgan bo‘lib, har birida ikkitadan jami 500 dan oshiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, transport, ovqatlanish kabi xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida yana qo‘shimcha ish o‘rinlari shakllanadi.

Yangi nasos stansiyasi

So‘xda barpo etilayotgan yangi nasos stansiyasi 1400 gektar suvsiz maydonlarni sug’orish ishlarini bajaradi. Tumanda “Qayroq-1” va “Qayroq-2” nasos stansiyalarida qurilish ishlari olib borilmoqda.

“Qayroq” massividagi suvsiz yerlarni o‘zlashtirish uchun qurilayotgan nasos stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 92 milliard so‘m bo‘lib, 211 metr balandlikda joylashgan 1400 gektardan ziyod maydonni suv bilan ta’minlab, o‘zlashtirilishiga imkoniyat yaratadi. Yangi o‘zlashtiriladigan yerlar kooperatsiya tashkil etish yo‘li 50 sotixdan hududda yashovchi ishsiz yosh oilalarga bo‘lib beriladi.

“So‘xgidroqurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan stansiyaga 3 dona Germaniyada ishlab chiqarilgan nasos hamda 1800 kvt. hajmdagi elektrodvigatel o‘rnatilib, So‘x daryosidan suv olish to‘g‘oni barpo etilmoqda.

Aeroport

So‘x tumani “Novobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilayotgan aeroport maydoni salkam 10 gektarni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan.

2020-yil 8-avgustdagi “2020−2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori ijrosi doirasida 6 oy ichida qurib bitkaziladigan aeroport orqali “Humo AIR” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda “Uzbekistan Helicopters” MChJga qarashli MI-8 vertolyotlarini jalb etgan holda So‘xdan Farg‘ona hamda Qo‘qon yo‘nalishlarida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.



Tumanda imtiyozli soliq tizimi joriy etilgan, bundan buyon tadbirkorlar aylanmadan to‘laydigan soliq miqdori 1 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi ham 1 foiz etib belgilangan.

Avvalroq Spot So’xda yangi aerodrom qurilishi haqida xabar bergan edi.