Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Elektron tijorat ma’muriyatchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qayd etilishicha, elektron tijorat sohasida iste’molchilarning huquqlari buzilishi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq qator muammo va kamchiliklar uchramoqda.
Hujjat bilan elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni, xususan, elektron tijorat ma’muriyatchiligining zamonaviy modelini yaratish ko‘zda tutilgan.
Belgilanishicha, 2021-yil 1-apreldan boshlab:
- tovarlar bilan elektron savdoni amalga oshiruvchi, keyinchalik ularga tovarlarning elektron savdosi amalga oshiriladigan internet tarmog‘ida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda majburiy joylashtirish uchun maxsus raqamli koddan foydalanadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyatining boshlanishi haqida soliq organlarini xabardor qilish tartibi joriy etiladi;
- tovarlarning elektron savdosida tovar-moddiy boyliklarni olish uchun elektron shartnomalar, tovar-transport yuk xatlari va ishonchnomalarni rasmiylashtirish, shuningdek, onlayn rejimda davlat soliq xizmati organlariga elektron tijorat doirasida hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘tkazish funksiyasi mavjud bo‘lgan virtual kassalardan foydalaniladi;
- sotuvchi va yuk tashuvchilar tomonidan tovar-kuzatuv hujjatlarini (hisobvaraq-fakturalar (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) “Yuk tashish monitoringi” axborot platformasida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tovarlarning elektron savdosi bo‘yicha faoliyatni boshlash soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
DSQ 2021-yil 1-sentyabrga qadar elektron tijorat subyektlarining Milliy reyestrini modernizatsiya qilishni amalga oshiriladi va uning negizida “E-trade” elektron tijoratni boshqarish bo‘yicha yagona axborot platformasi yaratiladi.
Belgilanishicha, elektron tijorat ishtirokchilari, to‘lov tizimlari tomonidan Yagona platformadan foydalanish, shu jumladan, tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasi bo‘yicha reklamani joylashtirish bepul tarzda amalga oshiriladi.