Hukumat qarori bilan Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash va berilgan subsidiyani qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali xabar beradi.
Nizomga ko‘ra, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun subsidiya Davlat byudjetidan har bir konturga faqat bir marta ajratiladi.
Subsidiyalar Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta yetishtirishda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun,
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan donli ekinlar, sabzavot ekinlari yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun,
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan mevali ekinlar va uzum yetishtiriladigan hamdavinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan sanoatbop usulda yetishtiriladigan texnik navli uzum plantatsiyalari uchun joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalariga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun beriladi.
Suvni tejaydigan texnologiyasini joriy qilib subsidiya olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ushbu texnologiyani:
- birinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 100 foiz:
- ikkinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 80 foiz:
- uchinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 60 foiz:
- to‘rtinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 40 foiz:
- beshinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 20 foiz qismini subsidiya bergan vazirlik va idoraga belgilangan tartibda qaytaradi.
Agar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ushbu texnologiyani besh yil davomida to‘liq foydalansa, berilgan subsidiya unda to‘liq qoldiriladi.
Shuningdek, jamoatchilik tomonidan suvni tejaydigan texnologiyalardan o‘rnatilgan tartibda foydalanmaslik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Rag‘batlantirish talabgorlardan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida bir yilda bir marta amalga oshiriladi. Pul mukofoti ma’lumotni taqdim etgan shaxsning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.